Tibbiyot: o‘zbekistonlik mutaxassislar Janubiy Koreyada zamonaviy menejment bo‘yicha malaka oshirdi
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik mutaxassislar Janubiy Koreyada zamonaviy menejment bo‘yicha malaka oshirdi. Ular orasida Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyev ham o‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunladi.
Xizmat safari doirasida dunyoning nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri — Pusan milliy universiteti Yangsan gospitalidagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi.
Muzokaralar natijasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda mazkur gospital o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Unga muvofiq, endi buxorolik shifokorlar va soha boshqaruvchilari Janubiy Koreyada malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, hujjatda og‘ir bemorlarni davolash bo‘yicha telemeditsina asosida onlayn maslahatlar o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish, mahorat darslarini tashkil etish, sohani raqamlashtirish hamda robot texnologiyalarini joriy etish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joizki, bu kabi hamkorlik avvalroq AQSH, Germaniya, Turkiya, Rossiya va Belarus kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, endilikda Janubiy Koreya bilan aloqalar yangi bosqichga olib chiqiladi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi chet davlatlarning 11 ta nufuzli klinika bilan anglashuv memorandumlarini imzolagan. Xususan, Turkiyaning “Sog‘liq bilimlari universiteti” bilan hamkorlik doirasida o‘tgan yili 80 nafarga yaqin tor soha mutaxassislari va 12 nafar rahbar Turkiyada malaka oshirgan. 2026-yil yakuniga qadar esa jami 200 nafar rahbar va mutaxassislarni chet elda o‘qitish rejalashtirilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA