Jizzaxda mikro GESlar barpo etilmoqda
Jizzax viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish yo‘lida izchil va samarali qadamlar tashlanmoqda. Xususan, mikro gidroelektr stansiyalarni barpo etish orqali hududlarda qo‘shimcha energiya manbalari yaratish, elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mazkur jarayonlar mamlakat rahbarining 2025-yil 28-martdagi “Respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan yangi bosqichga ko‘tarildi. Unga muvofiq, Jizzax viloyatida umumiy quvvati 30,1 megavatt bo‘lgan 150 ta mikro GES loyihasini amalga oshirish belgilangan. Bu nafaqat hududning energetik mustaqilligini mustahkamlaydi, balki tadbirkorlik muhitini kengaytirib, yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ayni paytda loyihalarni hayotga tatbiq etishda amaliy natijalar ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, barcha 150 ta ob’ekt uchun yer maydonlari ajratildi, 147 ta loyiha bo‘yicha zarur hujjatlar tayyor holga keltirildi. Ularning aksariyati elektron savdolarga chiqarilib, 38 tasi bo‘yicha tashabbuskor tadbirkorlar aniqlandi. Bu raqamlar jarayon izchil va tizimli tashkil etilganini yaqqol namoyon etadi.
Barcha savdolar “E-auksion” elektron platformasi orqali o‘tkazilayotgani investorlar uchun teng imkoniyat yaratib, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga zamin yaratmoqda.
Moliyaviy ta’minot masalasi ham e’tibordan chetda qolgan emas. Jahon banki tomonidan ajratilgan 150 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli mablag‘lar asosida tijorat banklari orqali maxsus kredit liniyalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa tadbirkorlarga qulay shartlarda moliyaviy ko‘mak olish imkonini berib, loyihalarni jadal amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, aholining va tadbirkorlarning xabardorligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari ham faol olib borilmoqda. Mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan seminar va uchrashuvlarda mikro GESlarning afzalliklari, ishtirok shartlari va moliyaviy imkoniyatlar keng tushuntirilmoqda.
Umuman olganda, kichik daryo va kanallarda barpo etilayotgan mikro gidroelektr stansiyalar nafaqat ekologik toza energiya manbai, balki hudud iqtisodiyotini rag‘batlantiruvchi muhim drayver sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ular yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA