Termiz nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida “O‘zbekiston – Rossiya: Yevrosiyo makonida strategik sheriklik” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi.
Anjuman ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun muntazam muloqot va yechimlarni ishlab chiqishni ta’minlaydigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Rossiya Federatsiyasining “Valday” xalqaro munozara klubi o‘rtasidagi doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar platformasi doirasida o‘tkazilmoqda.
Nufuzli anjumanning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi raisi Andrey Bыstritskiy, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar barqaror, pragmatik xususiyatga ega bo‘lib, aniq loyihalar atrofida qurilgani va hamkorlikning mustahkam institutsional bazasiga tayanishini ta’kidladi. Mamlakatlarimizning tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga o‘sib borayotgani qayd etildi. Konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasida 400 dan ortiq hujjat amal qilmoqda. Ular orasida munosabatlarning uzoq muddatli barqarorligiga poydevor qo‘ygan Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar ham mavjud.
Prezidentlarimizning samarali yo‘lga qo‘yilgan ko‘p darajali hamkorlik modeli o‘z samaralarini bermoqda. Bu aloqalarning asosiy xususiyati o‘zaro iqtisodiy manfaatdorlikka qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada o‘sib, 2016-yildagi 4,2 milliard dollardan o‘tgan yil 13 milliard dollarga yetdi.
O‘zbekiston va Rossiya hamkorlik zanjirlari hamda logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish nuqtai nazaridan bir-birini istiqbolli iqtisodiy sherik sifatida ko‘radi. Mazkur yondashuv Markaziy Osiyo va Rossiya bozorlarini bog‘lashni osonlashtirib, iqtisodiyotining tashqi qiyinchiliklarga chidamliligini oshiradi. Shuningdek, yuk tashish oqimlarini tezlashtirib, transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish orqali Yevrosiyo bo‘ylab yanada ko‘proq bog‘liqlikni ta’minlaydi. Hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishga, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirib, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yordam beradi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston va Rossiyadan 50 ga yaqin ishtirokchi, shuningdek, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari, yetakchi tahlil markazlari rahbarlari va mutaxassislari, davlat organlari va tegishli vazirliklar vakillari qatnashmoqda.
Muloqotga Rossiya Fanlar akademiyasining Suv muammolari instituti, Milliy tadqiqot universiteti, “Oliy iqtisodiyot maktabi”, Yevropa va xalqaro kompleks tadqiqotlar markazi, Rossiya Fanlar akademiyasi Xalq xo‘jaligini prognozlashtirish institutining Makroiqtisodiy tahlil va qisqa muddatli prognozlash markazi, Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi kabi o‘ndan ortiq nufuzli muassasalari ekspertlari taklif etilgan.
O‘zbekistonlik ishtirokchilar orasida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazi, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, O‘zbekiston Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Progressiv islohotlar markazi va boshqa tashkilotlar vakillari bor.
Xalqaro konferensiyaning mamlakatimiz janubidagi Termiz shahrida o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ma’no bor. Qadimiy kent mintaqalararo aloqalar uchun “tugun nuqtasi”da joylashgan. Yangilanayotgan shahar modernizatsiya davrini boshidan kechirmoqda. Zamonaviy infratuzilmalar barpo etilib, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratilayotir.
Hududning Afg‘oniston bilan chegarasida mintaqamizda yagona “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi qurilgan. Markazga Afg‘oniston tarafdan keluvchilar uchun 15 kunlik vizasiz rejimi joriy etilgan.
Savdo markazida 380 nafar mutaxassis tibbiy xizmat ko‘rsatadigan 70 o‘rinli zamonaviy klinika barpo etilgan. U yiliga 15 ta yo‘nalish bo‘yicha 46 mingdan ziyod bemorga xizmat ko‘rsatmoqda. 250 o‘rinli biznes maktabda afg‘on fuqarolari uchun uch bosqichli tizim asosida dari, pushtu va ingliz tillarida bepul ta’lim berish imkoniyati yaratilgan.
Deklaratsiyalash, ekspertiza, sertifikatlash va karantin nazorati, bojxona posti, davlat xizmatlari markazi va bank filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hududda uch mingdan ortiq do‘kon bunyod etilgan. Do‘konlarda o‘zbek va afg‘on tijoratchilari savdo xizmati ko‘rsatadi. O‘zbekiston mahsulotlarining doimiy ko‘rgazmasi ham faoliyat yuritmoqda.
Savdo zonasida taqdim etilgan mahsulotlarning yillik eksport hajmi 1,2 milliard dollarni tashkil etadi. Markazda umumiy ovqatlanish, savdo, ishlab chiqarish, logistika, tibbiyot va mehmonxona sohalarida mingdan ortiq mahalliy va 140 ga yaqin Afg‘oniston fuqarosi ish bilan ta’minlangan.
[gallery-28435]
Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tutashuvda bunyod etilgan “Termiz kargo markazi” xalqaro transport-logistika xabi geografik joylashuviga ko‘ra o‘ziga xos xususiyatga ega. U “G‘alaba” temir yo‘l stansiyasidan to‘rt va O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasidan ikki chaqirimdan kamroq masofada joylashgan. Xabdan qariyb besh yildan buyon Jahon oziq-ovqat dasturi va BMTning Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Afg‘onistonga insonparvarlik yuklarini yetkazib berish uchun foydalanilmoqda. 2021-yildan 2024-yil sentabrgacha terminal orqali 144 ming tonna yordam jo‘natilgan.
Yevrosiyo bog‘liqligining tayanch tuguniga aylanayotgan shahardagi “Termiz” xalqaro savdo markazi va logistika habining rivojlanayotgani Rossiya kompaniyalarining savdo, logistika, sanoat kooperatsiyasi va xizmat ko‘rsatish sohalariga qo‘shilishi uchun tayyor platforma yaratib bermoqda.
Anjuman dasturidan ikki mamlakat strategik sherikligining asosiy jihatlariga bag‘ishlangan yalpi majlis, uchta tematik sessiya va ekspertlar muhokamalari o‘rin olgan.
Xalqaro konferensiya davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA muxbiri