Sopol g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonada qonunbuzarliklar aniqlandi
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida faoliyat yuritayotgan sopol g‘isht ishlab chiqarish korxonalaridan birida o‘tkazilgan davlat nazorati tekshiruvlari davomida bir qator qo‘pol qonunbuzarliklar aniqlanib, mahsulot sifati va xavfsizligiga oid talablar muntazam ravishda buzib kelingani ma’lum bo‘ldi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasining Toshkent viloyati bo‘limi tomonidan Ohangaron tumanida joylashgan “Q.K.” MCHJda davlat nazorati tekshiruvi o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida qator qonunbuzarliklar aniqlandi. Korxonada g‘isht mahsulotlari nazoratsiz qabul qilingan.
Mazkur me’yoriy hujjat talablariga zid ravishda mahsulotlarning suv singdiruvchanligi, ohak qo‘shimchalari mavjudligi, sovuqqa chidamliligi va boshqa muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha davriy sinovlar o‘tkazilmagan.
Bundan tashqari, korxonada me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etilmagan boshqa holatlar ham aniqlanib, bu orqali O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni talablari buzilgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan korxonaning mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda sud organlariga yuborildi.
Shu bilan birga, mazkur mahsulotni realizatsiya qilish vaqtincha taqiqlanib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan korxonaga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA