Tanzila Norboyeva: Aholi murojaatlari qonunchilik, parlament nazorati va boshqa ishlar uchun asosiy manbaga aylanishi shart
Senat yalpi majlisida davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar boshlangan ilk davrda Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi o‘ta muhim va o‘z vaqtida qabul qilingan qaror bo‘lgani ta’kidlandi.
Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni rozi qilish hamda ularning muammolarini tezkor hal etishda mazkur institut o‘zining samaradorligi va natijadorligini amalda namoyon etdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva zamon shiddat bilan o‘zgarayotgani, xalqimizning talab va ehtiyojlari ham tobora ortib borayotganini qayd etdi. Bu esa, oldimizga yangi vazifalarni qo‘yib, aholi bilan ishlashda zamonaviy, samarali va yangicha yondashuvlarni joriy etishni taqozo etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, aholi murojaatlari bilan ishlash holati tanqidiy-tahliliy ruhda o‘rganilib, hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlar solishtirildi. Tahlillar har o‘n ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan ariza va shikoyatlar soni Toshkent shahri, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo hamda Toshkent viloyatlarida respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori ekani ma’lum bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha har o‘n ming nafar aholiga o‘rtacha 319 tani tashkil etmoqda.
Qator tuman va shaharlarda mutasaddilar tomonidan sayyor va shaxsiy qabullarni tashkil etishga yuzaki yondashilayotgani, aholi murojaatlarini ko‘rib chiqishda mas’uliyatsizlik va sustkashlik holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi. Bunday holatlar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir.
Mazkur sohani yanada takomillashtirish va uni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan Prezident farmonida parlament zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklatildi. Jumladan, 2026-yil may oyidan boshlab aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini Qonunchilik palatasi va Senatda, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini esa tegishlicha Senatda va mahalliy Kengashlarda har chorakda kamida bir marta eshitib borish tartibi joriy qilinadi.
Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash holati yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senatga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga muntazam ravishda tahliliy axborotlar kiritib boriladi.
– Hududlar palatasi sifatida mazkur masala, eng avvalo, biz senatorlar, shuningdek joylardagi mahalliy Kengashlarni aholi murojaatlari bilan ishlashga yanada e’tiborli va talabchan bo‘lishga, bu boradagi parlament nazoratini kuchaytirishga undashi lozim, – dedi T.Norboyeva. – Murojaatlarning asosiy qismi ichki ishlar, majburiy ijro, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya, energetika, infratuzilma hamda boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega masalalarga to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan yil hamda joriy yilning dastlabki ikki oyida Senatga kelib tushgan murojaatlar tahlili ham ariza va shikoyatlarning asosiy qismi aynan shu sohalarga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatdi. 2025-yil davomida Senatga qariyb 11 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar - fevral oylarida ularning soni 2 ming 137 tani tashkil etdi.
Alohida ta’kidlash kerakki, aliment undirish masalalari bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqishdagi muammolar yo‘q emas. Xususan, bu yo‘nalishdagi har uchta murojaatdan bittasi, ya’ni qariyb 30 foizi o‘z yechimini topmasdan qolayotgani davlatimiz rahbari tomonidan tanqid qilinib, mazkur masalaga yangicha yondashuvlar belgilab berildi. Jumladan, aliment to‘lovchilarni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlashda bandlik organlari hamda “mahalla yettiligi” o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, ularni xorijga ishga yuborish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni soddalashtirish kabi amaliy choralar belgilandi.
“Davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, endilikda mazkur yo‘nalishdagi ishlar yanada faollashtiriladi. Bu borada Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Majburiy ijro byurosi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Mahallalar uyushmasi hamda boshqa mutasaddi idoralar o‘rtasidagi hamkorlik kuchaytiriladi. Aholi murojaatlari faoliyatimizning barcha yo‘nalishlari – qonunchilik, parlament nazorati va boshqa ishlar uchun birlamchi manbaga aylanishi shart”, dedi T.Norboyeva.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA