Rieltorlar qonuniylik, xolislik, halollik, axborot maxfiyligi kabi prinsiplarga amal qiladi
Ko‘chmas mulk bozori so‘nggi yillarda jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Yangi turar joy mavzelari barpo etilmoqda, ipoteka bozori kengaymoqda, investitsiyaviy faollik ortib bormoqda.
Shu bilan birga, bozorda norasmiy vositachilarning ko‘payishi, “yashirin iqtisodiyot”ning saqlanib qolishi va ayrim hollarda fuqarolarning huquqlari buzilishi kabi salbiy holatlar ham uchramoqda.

Yalpi majlisda senatorlar rieltorlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning zamonaviy tendensiyalar va qonunchilikdagi o‘zgarishlarga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelayotganini ta’kidladi. Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

– Qonunda rieltorlik faoliyatining asosiy prinsiplari belgilanmoqda, – dedi Senatning Byudjet va va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev. – Bu – qonuniylik, xolislik, halollik, axborot maxfiyligi va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslikni o‘z ichiga oladi. Ushbu qoidalar orqali har bir rieltor yoki ko‘chmas mulk agenti o‘z mijoziga halol xizmat ko‘rsatish, uning ishonchini oqlash majburiyatini oladi.
Qonunda jamoat birlashmalari o‘zini o‘zi boshqarishning asosiy mexanizmlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Ular sertifikatlar beradi, rieltorlarning malakasini baholaydi va ularning kasbiy xulq-atvori ustidan nazorat olib boradi.
Qonunning asosiy maqsadi biznesning “soyadan” chiqishini rag‘batlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, legal biznes yuritishning nufuzini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga keng jamoatchilikni jalb qilishdan iborat.
Senatorlar ma’qullagan qonun ko‘chmas mulk bozori ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini samarali himoyalashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA