Iste’dodlar maydoni
Yurtimizda yoshlarni ilm-fanga jalb etish, zamonaviy texnologiyalar asosida bilim berish va ularning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ayniqsa, muhandislik, raqamli texnologiyalar va innovatsion yo‘nalishlarga qiziquvchilarni qo‘llab-quvvatlash bugungi taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda. Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida Buxoro viloyatida “Muhandislik oyligi” doirasida tashkil etilgan “Kelajak muhandislari festivali” yoshlar uchun katta imkoniyatlar maydoni bo‘ldi.
Mazkur festival talaba-yoshlarning bilim va mahoratini namoyon etish, ularning texnik fikrlashini rivojlantirish hamda innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi. Tadbirda ishtirokchilar o‘z salohiyatlarini robototexnika, aviatsiya, agrotexnologiya, mashinasozlik, yashil energetika, chip dizayn, arxitektura, tibbiy muhandislik, AI Health Hackathon, dronlar, raketa modellashtirish, Robo Sumo, Robo Football, Line Following, 3D modellashtirish, Urban Challenge hamda muhandislik estafetasi kabi zamonaviy va istiqbolli yo‘nalishlarda sinovdan o‘tkazdi.

Shuningdek, tadbir doirasida Buxoro davlat texnika universiteti tashabbusi bilan umumta’lim maktablari o‘quvchilari, texnikum va kollej yoshlari, mahalla yoshlari, imkoniyati cheklangan yoshlar hamda talabalar o‘rtasida turli tanlov va bellashuvlar o‘tkazildi. Ularda eng yaxshi natijalarni qayd etgan ishtirokchilar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Festival doirasida “Oliygoh kubogi” tanlovi g‘oliblarining tantanali taqdirlanishi ham tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Bu kabi musobaqalar yoshlarda jamoaviylik, intilish va g‘alabaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.

Tadbirning eng ta’sirli jihatlaridan biri imkoniyati cheklangan yoshlar tomonidan yasalgan qo‘l mehnati mahsulotlari auksioni bo‘ldi. Unda yoshlarning ijodiy ishlari, noyob va betakror mahsulotlari namoyish etildi hamda ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Mazkur auksion imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini keng jamoatchilikka namoyon etish va inklyuziv muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.
E’tiborlisi, festival nafaqat universitet talabalari, balki maktab o‘quvchilari, texnikum va kollej yoshlari, mahalla faollari hamda inklyuziv yoshlarni bir maydonga jamladi. Bu esa turli qatlam yoshlar o‘rtasida tajriba almashish, hamkorlik va o‘zaro rag‘bat muhitini shakllantirdi.

Bunday tashabbuslar kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan bilimli, tashabbuskor va zamonaviy mutaxassislar safini kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA