Ta’lim islohotlari yangi bosqichda: olimpiadalar va xalqaro baholashga tayyorgarlik
Mamlakatimizda ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan navbatdagi “Vazir soati” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova boshchiligida sohadagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yurtimizda ilk bor o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro kimyo hamda Xalqaro informatika olimpiadalariga puxta tayyorgarlik ko‘rish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Shuningdek, joriy yilning yanvar–iyun oylarida bo‘lib o‘tadigan bahorgi attestatsiya jarayonlarini samarali va shaffof tashkil etish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi. Mas’ullarga ushbu jarayonlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish davomida davlat rahbarining 2025-yil 8-sentabrdagi tegishli qarorida belgilangan vazifalar ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Unda ta’lim sifatini oshirish, tizimdagi islohotlarni chuqurlashtirish kabi muhim yo‘nalishlar alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning xalqaro baholash dasturi — PIRLS tadqiqotidagi ishtiroki ham muhokama qilindi. Bu orqali o‘quvchilarning o‘qish savodxonligini xalqaro darajada baholash va natijalarni yaxshilash maqsad qilingan.

Yig‘ilish yakunida mas’ullarga qator muhim vazifalar yuklatildi. Jumladan, maktab maslahatchisi lavozimlari uchun yetakchilik qobiliyatiga ega va xalqaro sertifikatli nomzodlarni tanlab olish, shuningdek har bir umumta’lim maktabida “Kelajak” markazining to‘garaklarini tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA