YeXHT moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashishda global hamkorlikni qo‘llab-quvvatlamoqda
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan Samarqand shahrida Global tarmoq kotibiyatlarining yig‘ilishi o‘tkazilganini qo‘llab-quvvatladi.
Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va institutsional samaradorlikni oshirish maqsadida tashkil etilgan yig‘ilishda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruh (FATF) va uning mintaqaviy tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda institutsional salohiyatni mustahkamlash va milliy mexanizmlarni xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Mazkur tadbir O‘zbekistonning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda borasidagi global sa’y-harakatlardagi ishtiroki tobora ortayotganini ko‘rsatdi.

Uch kun davomida ishtirokchilar o‘zaro baholash jarayonlarini takomillashtirish, institutsional samaradorlikni oshirish va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy yechimlarni ishlab chiqdi. Muvofiqlikni oshirish, ma’muriy yuklamani kamaytirish va samarali tashabbuslarni kengroq tatbiq etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
– Mutaxassislarni aynan shu formatda birlashtirish umumiy tamoyillarni amaliy yechimlarga aylantirish imkonini beradi, – deydi YeXHtning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisining katta loyiha xodimi Silke Klover. – Moliyaviy jinoyatlar tobora murakkab va transchegaraviy tus olayotgan sharoitda ularga qarshi murosasiz kurashishda o‘zaro yaqin hamkorlik hamda institutlarning samarali faoliyat yuritishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘p yillar davomida YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan yaqin hamkorlikda milliy organlar va FATF o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishiga ko‘maklashib, respublikaning global moliyaviy boshqaruv tizimidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu tariqa, tashkilot mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashinuvini rag‘batlantirish, shuningdek samarali iqtisodiy boshqaruv va halollik tamoyillarini ilgari surishga hissa qo‘shmoqda.
Tadbir tegishli jarayonlarni soddalashtirish, hamkorlikni mustahkamlash hamda moliyaviy jinoyatlarga qarshi yanada samarali jamoaviy choralar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
O‘zA