Talabalar Ibrohim G‘afurov bilan uchrashdi
O‘zbek kitobxonini Dostoyevskiy, Xeminguey, Joys, Folkner, Flober, Markes, Aytmatovdek buyuk adiblar olamiga olib kirgan, adabiy tanqidchilikda katta yutuqlarga erishgan Ibrohim G‘afurovning 80 yillik tavallud ayyomi shu kunlarda keng nishonlanmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetidagi ijodiy uchrashuv ham shu munosabat bilan tashkil etildi.
O‘zbek kitobxonini Dostoyevskiy, Xeminguey, Joys, Folkner, Flober, Markes, Aytmatovdek buyuk adiblar olamiga olib kirgan, adabiy tanqidchilikda katta yutuqlarga erishgan Ibrohim G‘afurovning 80 yillik tavallud ayyomi shu kunlarda keng nishonlanmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetidagi ijodiy uchrashuv ham shu munosabat bilan tashkil etildi.Auditoriyada talabalar, o‘qituvchilar jam bo‘lgan. Adabiyotshunos olimlar Umarali Normatov, Hamidulla Boltaboyev, shoir Mirza Kenjabek, yozuvchi Shodmon Otabek, publitsist Ahmadjon Meliboyev va boshqalar so‘zga chiqib, I.G‘afurovning milliy adabiyotimizga qo‘shgan hissasi, o‘zbek kitobxonlariga jahon adabiyotini tanishtirishdagi xizmatlarini ta’kidladi, talabalik chog‘larini, nashriyotlarda, tahririyatlarda ishlagan yillarini esladi. Tarjimonlik mas’uliyati, badiiy tarjima mezonlari haqida fikr-mulohazalar aytildi.
Aslida tarjimon boshqa bir tildagi asarni ona tilida qaytadan bunyod etadi. Ana shu jarayonda uning talqini yaraladi. I.G‘afurov tarjimasidagi «Jinoyat va jazo», «Telba», «Qimorboz», «Azizim», «Alvido qurol», «Chol va dengiz», «Qiyomat», «Yong‘in» kabilar uning talqinidagi asarlardir.
I.G‘afurov adabiyotimizda mansura janrini yaratgan va unda sermahsul ijod qilmoqda. «Hayo – xaloskor», «Mangu latofat», yaqinda nashrdan chiqqan «Oltin qoziq» kitoblarida uning sara mansuralari jamlangan.
Muloqotda ijodkor yangi mansuralaridan o‘qib berdi.