Taekvondo ITF: Jahon kubogida besh marta yurtimiz madhiyasi yangradi
Ispaniyaning Benidorm shahrida taekvondo ITF bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogi musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 17 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi.
Dunyoning 57 ta mamlakatidan 259 ta taekvondo jamoalari va ular tarkibidagi 2 ming 680 nafardan ziyod yosh sportchilar ishtirok etgan nufuzli musobaqada 37 nafar taekvondochimiz o‘z vazn toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Shiddatli va murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida hamyurtlarimiz 5 ta oltin, 4 ta kumush va 8 ta bronza medaliga ega chiqqan holda umumjamoa hisobida 6-o‘rinni egalladi.

Bugun, 6-oktabr kuni kunning ikkinchi yarimida jahon kubogida muvaffaqiyatga erishgan O‘zbekiston taekvondo ITF terma jamoasi a’zolari Toshkent xalqaro aeroportida kutib olinishi rejalashtirilmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA