7 yoshli shaxmatchimiz Osiyo chempionatida qatnashmoqda
Rossiya Federatsiyasining Tula viloyatida shaxmat bo‘yicha 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasidagi 20-Osiyo chempionati musobaqalari o‘tkazilmoqda.
12 ta mamlakatning yosh “aql gimnastikasi” sohiblari dona surayotgan mazkur qit’a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining bir nafar a’zosi Muhammadyusuf Bahromov 7 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi bahslarda Osiyo chempionligi uchun kurash olib bormoqda.
Chempionatning ortda qolgan standart yo‘nalishi 6 tur yakunlariga ko‘ra, yosh shaxmatchimiz 4 ta o‘yinda g‘alaba, 2 tasida durang qayd etib, 27 nafar ishtirokchi orasida 5 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda.

Turnir jadvalida 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar orasida hindistonlik Dxaranipatiya Ximalan 5,5 ochko jamg‘argan holda yetakchilik qilmoqda. 3- va 4-o‘rinlarda harakatlanayotgan rossiyalik yoshlarda 4,5 ochko mavjud.
Hamyurtimiz o‘tkazilgan bahslar davomida 2 nafar rossiyalik, bir nafardan turkmanistonlik va qozog‘istonlik tengdoshlaridan ustunlikka erishdi. Rossiyalik va hindistonlik raqiblari bilan murosa yo‘lini tanladi.

Bugun, 6-oktabr kuni qit’a birinchiligining 7-tur o‘yinlarida Muhammadyusuf Bahromov 4,5 ochko bilan 3-o‘rinni band etgan rossiyalik Roman Yanovskiy bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat Osiyo chempionati musobaqalari 8-oktabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA