Ta’limda sifat va samaradorlik oshmoqda
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida viloyat xalq ta’limi tizimi xodimlarining an’anaviy kengashi bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida viloyat xalq ta’limi tizimi xodimlarining an’anaviy kengashi bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, o‘qitishning zamonaviy uslublaridan keng foydalanish, yangicha yondashuvlarga murojaat qilgan holda ta’lim sifatini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.
Farg‘ona viloyatida ham ta’limda sifat va samaradorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun eng chekka hududlarda ham yoshlarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Viloyat xalq ta’limi tizimidagi yangilanish va o‘zgarishlarning o‘zi “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan savolga munosib javob bo‘la oladi. Mustaqillikka qadar viloyatda 233 moslashtirilgan maktab, 345 moslashtirilgan bolalar bog‘chasi bo‘lib, o‘tgan yigirma to‘rt yil ichida 12 umumta’lim maktabi yangidan qurildi, 257 maktab qayta rekonstruksiya qilindi, 449 tasi kapital ta’mirlandi.
– 2014-2015 o‘quv yilida viloyatda bitta yangi maktab qurish, 10 maktabni rekonstruksiya qilish, 11 maktabni mukammal ta’mirlash uchun qariyb 30 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zikrillo Teshaboyev. – 2015-yilgi manzilli dastur doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan umumta’lim maktablari 53 milliard so‘mlik mebel, o‘quv-laboratoriya, komputer texnikasi va sport anjomi bilan jihozlangani sohaga bo‘lgan e’tibor va rag‘bat ko‘lami tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi. Joriy yilning o‘zida viloyatimizdagi 100 maktabgacha ta’lim muassasasiga salkam 19 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, ta’mirlash va qo‘shimcha jihozlash ishlari olib borildi.
Anjumanda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi muhim vazifalar belgilab olindi.