Ta’lim-tarbiyaning mustahkam poydevori
Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi 1-maktabgacha ta’lim muassasasida kelajak vorislarini ma’nan va jismonan barkamol etib tarbiyalash uchun barcha sharoit yaratilgan.
170 nafar o‘g‘il-qizni o‘z bag‘riga olgan muassasada “Bolajon” dasturi asosida samarali mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan. Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan yanada takomillashtirilgan ingliz tili mashg‘ulotlariga, ayniqsa, bolajonlarning qiziqishi yuqori. Ular interfaol o‘yinlar, ko‘rgazmali vositalar ko‘magida chet tiliga oid dastlabki bilim va ko‘nikmalarni egallamoqda.
Muassasada bolajonlar tomonidan chizilgan rasmlar, qog‘oz va loydan yasalgan turli buyumlar asosida ota-onalar ishtirokida ko‘rgazma tashkil etish an’anaga aylangan. Bu ularning ijodiy va yaratuvchanlik qobiliyatini shakllantirishga xizmat qilayotir.