Surxondaryolik yosh yengil atletlar kuch sinashdi (+video)
Termizda sportning yengil atletika turi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Surxondaryo viloyat birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat bojxona boshqarmasi va Yengil atletika federatsiyasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan bellashuv uning oltita sport turi bo‘yicha o‘tkazildi.

Prezidentimiz boshchiligida 13 fevral kuni Olimpiya va Paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohadagi muhim vazifalar belgilanib, qator tashabbuslar ilgari surilgan edi. Shundan so‘ng Bojxona qo‘mitasi raisi Yengil atletika federatsiyasi raisi etib saylangach, mamlakatimizning janubdagi vohasida ham sportning bu turini yanada rivojlantirishga e’tibor kuchaytirildi.
Viloyatda joriy yil o‘tkazilgan ilk bellashuvda tumanlar va shaharda sportning shu turi bilan shug‘ullanayotgan yoshlar, yosh bojxona xodimlari hamda viloyat bojxonachilariga biriktirilgan Termiz shahridagi 18-maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.

– Biz O‘zbekiston chempionati uchun 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida saralash musobaqasini o‘tkazyapmiz, –deydi Yengil atletika federatsiyasi viloyat bo‘limi katta murabbiyi Natalya Xolodova. – Yarim musobaqa bo‘lib o‘tdi va sportchilar ajoyib natijalar ko‘rsatdi. Ular tayyorlandi, harakat qildi, ishladi va men trener sifatida juda mamnunman o‘quvchilarimdan.
Shuningdek, Tojikistonning Xatlon viloyatidan o‘zaro tajriba almashish uchun kelgan yosh atletlar ham musobaqani kuzatib bordi.

– Men Xatlon viloyati yengil atletika federatsiyasi rahbari va bosh murabbiyiman, – deydi Tojikiston Respublikasi Xatlon viloyati yengil atletika federatsiyasi rahbari Dilshod Mamadov. – Biz birinchi marta yengil atletika bo‘yicha Surxondaryo viloyati ochiq chempionatida ishtirok etyapmiz. Juda chiroyli bellashuv bo‘lmoqda. Taassurotlarimiz zo‘r. Bundan asosiy maqsad sportchilarimizning mahoratini oshirish va o‘zaro tajriba almashishdan iborat. Kelajakda ikki davlat xalqlarining do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash hamda yengil atletika sport turining jahon arenalarida nufuzini yanada oshirish va ikki davlat bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarish uchun astoydil harakat qilamiz. O‘zbekiston olg‘a, Tojikiston olg‘a!, deymiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PhyvA1gw5sg" title="Surxondaryolik yosh yengil atletlar kuch sinashdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 785 nafar yosh sportning yengil atletika turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning 33 nafari Milliy terma jamoaga kiritilgan. Olti nafar surxondaryolik nomzod yengil atletikaning oltita turi bo‘yicha “Los-Anjeles 2028” Yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun saralab olingan.
Musobaqa yakunida g‘oliblar munosib rag‘batlantirildi. Ular bellashuvning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritib, Osiyo o‘yinlari yo‘llanmasi uchun kurash olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri