Jizzaxda “Talaba – yugur!” marafoni
Jizzax shahrida “Talaba – yugur!” marafoni sog‘lom raqobat va yoshlarga xos shijoat bilan boshlanib, chin ma’noda sport bayramiga aylandi.
Tonggi musaffo havo, mayin shabada va baland ruh ostida o‘tgan marafonda shahardagi oliy ta’lim muassasalari talabalari faol ishtirok etdi. Start chizig‘idanoq sezilgan jo‘shqinlik finishga qadar pasaymadi – har bir ishtirokchi o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazish, g‘alaba sari intilish va, eng muhimi, sog‘lom hayot tarzini targ‘ib etish maqsadida maydonga chiqqan edi.
Jami 1200 dan ortiq ishtirokchi 3 kilometr masofani bosib o‘tar ekan, bu nafaqat sport musobaqasi, balki iroda va sabr imtihoniga aylandi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, Jizzax davlat pedagogika universiteti talabalari mutlaq ustunlikni namoyon etdi. Hakamlar qayd etganidek, barcha faxrli o‘rinlar aynan ushbu ta’lim dargohi yoshlariga nasib etdi.
Talaba qizlar o‘rtasidagi bellashuv ayniqsa qizg‘in va murosasiz kechdi. Marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tgan Jizzax davlat pedagogika universiteti talabasi Feruza Xayrullayeva nafaqat tezkorligi, balki yuqori tayyorgarligi bilan ham ajralib turdi. Undan keyingi o‘rinlarni ham uning universitetdoshlari Shahrizoda Xolmatova hamda Dildora Jo‘rayeva egalladi.
Talaba yigitlar bahsida ham JDPU vakillari yetakchilikni qo‘ldan bermadi. Shahobiddin Abduqayumov birinchi bo‘lib finishga yetib kelgan bo‘lsa, Uchqin Axmatov ikkinchi, Islom Abdukarimov uchinchi o‘rinni egalladi.
Marafon g‘olibasi Feruza Xayrullayevadan qisqacha intervyu oldik:
— Bugungi g‘alabangiz sirini nimada deb bilasiz?
– Avvalo, bu g‘alaba ortida muntazam mehnat va intizom yotibdi. Har kuni ertalab mashq qilishga odatlanganman. Eng muhimi, o‘zimga ishondim va oxirigacha kurashdim.
[gallery-28614]
– Marafon davomida eng qiyin palla qaysi bo‘ldi?
– Masofaning oxirgi qismi, albatta. Charchoq sezildi, lekin shu paytda ustozlarim va do‘stlarimning qo‘llab-quvvatlovi kuch bag‘ishladi.
– Yoshlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
– Sport bilan do‘st bo‘lishsin. Bu nafaqat sog‘liq, balki iroda va tartibni ham shakllantiradi. Hech qachon to‘xtab qolmaslik kerak.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Biroq bugungi tadbirda eng katta yutuq yoshlarning sportga bo‘lgan muhabbati va sog‘lom turmush tarziga intilishi bo‘ldi.
“Talaba – yugur!” marafoni bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati, ommaviy sport harakatlarining amaliy ifodasi sifatida tobora keng quloch yoymoqda. Bunday tashabbuslar yosh avlodni yanada katta marralar sari chorlab, ular qalbida g‘alabaga ishonch uyg‘otishi, shubhasiz.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari