Surxondaryo turizm makoniga aylanmoqda
Termiz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda viloyatning turizm salohiyati yuqoriligi alohida qayd etilib, qadimiy vohada 600 dan ziyod madaniy meros va turizm obyekti mavjudligi taʼkidlandi. Sohani yanada rivojlantirish uchun navbatdagi vazifalar koʻrsatib oʻtilib, kelgusi yil viloyatga sayyohlar oqimini 3 barobar oshirish reja qilinayotgani munosabati bilan viloyat tadbirkorlariga mehmonxona qurishga “yulduzi”dan qatʼi nazar, subsidiya berilishi belgilandi.
Surxondaryo o‘zining boy turistik salohiyati bilan dunyo sayyohlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Qadimiy voha noyob madaniy yodgorliklari, tabiiy meros ob’ektlari, go‘zal tabiat manzaralari, shifobaxsh zilol suvlarga boy hudud. Milliy hunarmandchiligi va nafis folklor san’ati bilan ham dunyo ahlini maftun etib keladi. Viloyatda ziyorat, buddizm, agro, sanoat, ekologik va sog‘lomlashtirish, gastronomik kabi turizm yo‘nalishlarining rivojlanayotgani hududga mahalliy va xorijlik sayyohlar oqimini yil sayin kengaytirmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida vohaga 1 million 120 mingdan ortiq mahalliy va qariyb 600 ming xorijlik sayyoh kelgani ham bunga yaqqol dalildir.

Uch qo‘shni davlat bilan chegaradosh vohaga kelayotgan sayyohlarga qulay sharoit yaratish va ularga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun turistik infratuzilma rivojlantirilmoqda. Xususan, shu yilning o‘tgan davrida 13 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushirilib, ularning soni 197 taga yetkazildi. Shunday qilib, turistlarga 51 ta mehmonxona, 14 ta xostel va 132 ta mehmon uyi xizmat ko‘rsatmoqda. Yil yakunigacha viloyatda yana 13 ta joylashtirish vositasi foydalanishga topshiriladi.

–Hududlarda sohani yuksaltirish uchun katta imkoniyat bor,–deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev,– Bu salohiyatdan unumli foydalanilsa, turizm iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanadi. Yilning o‘tgan davrida viloyatga olis xorijiy davlatlardan 84 ming, Tojikistondan 460 ming va Afg‘onistondan 49 ming turist keldi. Sayyohlarga 16 million dollardan ortiq turizm xizmatlari eksporti amalga oshirildi. Yangi yilgacha mahalliy turistlar soni 1 million 600 mingga, Yevropa, Osiyo va boshqa olis davlatlardan kelguvchilar soni 90 ming nafarga yetishi, ularga ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari eksporti 22 milliondan oshishi kutilmoqda. Sohaga qaratilayotgan e’tibor turoperator va gid-ekskursavodlikka qiziqishni ham oshirmoqda. Masalan, 2017 yil vohada 11 ta turoperator va turagent xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 53 taga yetdi. Bundan olti yil avval atigi to‘rt gid-ekskursavod faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun turistlarga 45 nafar malakali gid-ekskursavod xizmat ko‘rsatayotir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hududiy dastur doirasida viloyatda qiymati 552,2 milliard so‘mlik 71 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu paytgacha qiymati 181,5 milliard so‘mlik 19 ta loyiha ishga tushirildi. Viloyatga kelayotgan turistlarning sayohatdan bo‘sh vaqtini sermazmun o‘tkazishi uchun Termiz shahrida ikkita, Boysun, Denov va Sherobod tumanlarining har birida bittadan tunu kun xizmat ko‘rsatuvchi turizm ko‘chalari barpo etildi. Sariosiyo tumanida maftunkor sharsharasi bilan sayyoramizga tanilgan Sangardak qishlog‘i “Turizm qishlog‘i” maqomiga ega bo‘ldi.

Jozibador turistik salohiyatga ega vohadagi Hakim at-Termiziy, Iso at–Termiziy, Sulton Saodat kabi majmualar, Alauddin Attor, Kokildor ota, So‘fi Ollayor, Mavlono Zohid singari ziyoratgohlar, Dalvarzintepa, Fayoztepa, Kampirtepa kabi arxeologik yodgorliklar mahalliy va xorijlik turistlarda boy taassurot uyg‘otayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Tarixi olis o‘tmishga borib taqaladigan muqaddas ziyoratgoh va qadimiy yodgorliklar tarixi dunyo sayyohlarining hayratini oshirmoqda. Masalan, Termiz shahridagi Sulton Saodat majmuasi Termiz sayyidlarining dafinalari joylashgan mahobatli maqbaralardan iborat inshoot. Markaziy Osiyo sayyidlarining ko‘pchiligi o‘zlarining kelib chiqishini shu xonadon bilan bog‘laydi. Aytishlaricha, Termiz sayyidlari Muhammad payg‘ambarning qizi bibi Fotimaning o‘g‘li imom Husaynning beshinchi avlodi Hasan al-Amirga borib taqaladi. Ul zot 850 yilda Samarqandga keladi va u yerda o‘n bir yil yashab, Balxga ko‘chadi. Taxminan 865 yilda Hasan al-Amir Termizga ko‘chib kelgach, shu yerda butunlay o‘rnashib qoladi. 12 – 17 – asrlarda bunyod etilgan majmua uzunligi 70 metrli hovlida qurilgan bo‘lib, yigirmaga yaqin maqbarani o‘z ichiga oladi.

Termiz tumanidagi Fayoztepa yodgorligi milodiy 1-3 asrlarga oid buddaviylik monastir-ibodatxonasidir. Qadimshunoslarning o‘rganishlariga ko‘ra, o‘tmishda bu yerdagi monastir maydoni xonalarida rohiblar va monastir talabalari istiqomat qilgan. Monastirda o‘quv xonalari, zallar, ziyoratchilar to‘xtab o‘tadigan yotoqxonalar bo‘lgan. Xonalar devorlarida pilta chiroq yoritqichlari uchun tokchalar ishlangan. Ayrim xonalarning devori ostida budda haykallari va ularni o‘rnatish uchun supa-tagkursilar qurilgan. Arxeolog-olimlarning fikricha, diniy marosimlar to‘xtagan vaqtda monastir sajdagohlarida rohib va talabalar, ziyoratchi- sayyohlar markaziy ibodatxonada o‘z ibodatini amalga oshirgan.

Surxon vohasi ana shunday turli dinlarga oid noyob inshootlari, qiziqarli tarixi, o‘tmishdagi boy madaniyati bilan ham dunyo sayyohlarini o‘z bag‘riga chorlamoqda. Sangardak sharsharasi, Omonxona, Xo‘jaipok kabi shifobaxsh buloq suvlari tibbiyot turizmi ihlosmandlarini maftun etayotir. Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi so‘lim go‘shalarning serjilo manzaralari tabiat shaydolariga o‘zgacha zavqu shavq ulashmoqda.

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Ipak yo‘lida turizm” 28-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida dunyoning ko‘plab davlatlaridan kelgan mehmonlar janubdagi vohaga katta qiziqish bildirayotgani va hamkorlik shartnomalari tuzayotgani ham Surxondaryo sayyohlik makoniga aylanayotganidan guvohlik bermoqda. Bularning barchasi so‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi samaralaridir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri