Superliga: Bugun 22-tur yakunlanadi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 22-turidan o‘rin olgan so‘nggi uchrashuv bugun, 21-sentabr kuni «Xorazm» va «Qizilqum» jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Kecha mazkur tur doirasida to‘rtta uchrashuv o‘tkazildi. Unda «Lokomotiv» o‘z maydonida «Neftchi»ni qabul qildi. Uchrashuvning 62-daqiqasida Zoran Marushich tomonidan kiritilgan yagona gol «Neftchi»ga g‘alaba keltirdi.
Shuningdek, «Andijon» o‘z maydonida «Nasaf»ga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. «Bobur Arena»da o‘tgan bahsda Rustam Turdimurodov 21-daqiqada penaltidan hisobni ochdi. Biroq mehmonlar Adenis Shala (38), Abbos G‘ulomov (53), Abduvohid Ne’matov (81, penalti) va Yusuf Otubanjoning (88) gollari evaziga yirik hisobda g‘alaba qozondi.
«So‘g‘diyona» esa o‘z maydonida OKMK klubiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. «Surxon» — «Qo‘qon-1912» uchrashuvida 1:0 hisobi qayd etildi. Uchrashuvdagi yagona golni 8-daqiqada Tornike Dzebniauri kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA