Shaxmat olimpiadasi: 5-turda 5 ta jamoamiz g‘alabaga erishdi
Samarqandda davom etayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 5-tur o‘yinlari tarixga aylandi.
Mazkur turning erkaklar musobaqasida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidovdan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi Vengriya vakillarini 4:0 hisobida mag‘lub etib, g‘oliblikka da’vogarlik maqomini mustahkamlab oldi.

Iste’dodli yosh shaxmatchilarimiz Abdumalik Abdusalimov, Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nig‘matov, Humoyun Bekmurotovni jamlagan O‘zbekiston-2 jamoasi Filippinni 2,5:1,5 ko‘rinishida dog‘da qoldirgan bo‘lsa, Bahrom Bahrillayev, Almas Rahmatullayev, Muhammadali Abdurahmonov va Asrorjon Omonov dona surgan O‘zbekiston-3 vakillari Avstriya jamoasi bilan durang o‘ynadi.
Ortda qolgan 5-tur o‘yinlaridan keyin O‘zbekiston, Hindiston va Germaniya terma jamoalari 10 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. 5 ta jamoa 9, 21 ta terma jamoa 8 ochko bilan ularni ta’qib etmoqda.
Erkaklar musobaqasida 202 ta jamoa orasida O‘zbekiston-2 vakillari 8 ochko bilan 17, O‘zbekiston-3 jamoasining shaxmatchi yoshlari 7 ochkoga ega bo‘lgan holda 40-o‘rinni band etgan.

Ayollar musobaqasining 5-turida Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyevadan tashkil topgan O‘zbekiston-1 shaxmatchilari AQSH jamoasi bilan murosa yo‘lini tanladi. O‘zbekiston-2 jamoasi Tunis vakillarini 4:0, O‘zbekiston-3 shaxmatchi qizlari esa Madagaskar jamoasini 3,5 : 0,5 hisobida yengdi.
Ayollar jamoalari orasida Polsha, Xitoy, Qozog‘iston, Ozarbayjon 10 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan vaziyatda O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi 9 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 6-o‘rinni band etib turibdi. O‘zbekiston-3 va O‘zbekiston-2 jamoalari 6 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 44 hamda 48-qatorlarda harakatlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 11 ta turdan iborat 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘yinlari 27-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA