Strategik yondashuvlar mamlakatimizning global ta’minot zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishidagi nutqida ta’kidlanganidek, bugungi kunda o‘zaro bog‘liq va barqaror transport yo‘laklarini shakllantirish nafaqat iqtisodiy, balki mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashning muhim omiliga aylanmoqda.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev shu haqda munosabat bildirdi:
– Jahondagi geosiyosiy ziddiyatlar va logistika zanjirlaridagi uzilishlar Markaziy Osiyo davlatlari uchun jiddiy chaqiriqlarni yuzaga keltirmoqda.
Yuk tashish xarajatlarining 30 foizgacha oshishi va yetkazib berish muddatlarining bir necha haftaga kechikishi tashqi savdo samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bu esa, mintaqada yangi, muqobil va ishonchli transport yo‘laklarini rivojlantirish zaruratini yanada kuchaytirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, “Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi strategik ahamiyatga ega yirik infratuzilmaviy tashabbus sifatida baholanishi lozim.
Mazkur yo‘lak Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim ko‘prik vazifasini bajarib, butun mintaqaning tranzit salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Yuklarni yetkazib berish muddatining 10 kungacha qisqarishi va yillik 15 million tonna yuk tashish imkoniyati yaratilishi – bu loyihaning iqtisodiy samaradorligi yuqori ekanidan dalolat beradi.
Ayniqsa, Osiyo taraqqiyot banki doirasida amalga oshirilayotgan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etish tashabbusi aynan shu ehtiyojlarga javob beradigan ilg‘or yondashuv hisoblanadi.
Mazkur alyans doirasida bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish, hujjatlar aylanishini to‘liq raqamlashtirish va chegara orqali yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish imkoniyati yaratiladi.
Bu esa, nafaqat vaqt va xarajatlarni qisqartirish, balki mintaqada savdo-sotiq hajmini oshirishga ham xizmat qiladi.
Transport va logistika sohasidagi ushbu tashabbuslar O‘zbekistonni mintaqaviy tranzit xabga aylantirish, savdo aloqalarini kengaytirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Senator sifatida ta’kidlashim joizki, bunday strategik yondashuvlar mamlakatimizning global ta’minot zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA