Ruhiy salomatlik va ijtimoiy himoya masalalari muhokama etildi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasida sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan voyaga yetgan shaxslar holati yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ruhiy salomatligida turli darajadagi buzilishlar kuzatiladigan, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish masalasi muhokama markazida bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, 2026-yildan bosqichma-bosqich joriy etiladigan yangi xizmatlar mazkur toifadagi fuqarolarning hayot sifati va ijtimoiy himoya darajasini sezilarli oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida vasiylik tayinlash jarayonlarini o‘z vaqtida va to‘liq tashkil etish, ma’lumotlar bazasini aniqlashtirish hamda muntazam yangilab borish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, vasiylikka muhtoj shaxslarni to‘liq qamrab olish, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Boyzoqov ma’lum qilishicha, Prezidentning 2026-yil 7-apreldagi “Ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ruhiy salomatligida muammosi bo‘lgan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kompleks ijtimoiy yordam tizimi bosqichma-bosqich shakllantiriladi.

Unga ko‘ra, “Erta aralashuv” xizmati orqali 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni erta aniqlash va reabilitatsiya qilish, shuningdek, maxsus pedagogik yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Yangi kun” kunduzgi qarab turish xizmati, uy sharoitida parvarish xizmati, “Madad” kichik uylari hamda qisqa muddatli joylashtirishga mo‘ljallangan “ijtimoiy ta’til” xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bundan tashqari, 2026-yildan boshlab vasiylik va homiylik komissiyalari tarkibiga “Inson” markazlari xodimlari kiritilishi, shuningdek, vasiylikdagi shaxslar ustidan monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Og‘ir holatdagi shaxslarni parvarish qiluvchi qonuniy vakillarga esa har oylik nafaqa to‘lovlari joriy etilishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilib, mazkur yo‘nalishdagi ishlar davlat rahbari tomonidan belgilangan yangi ijtimoiy himoya mexanizmlari bilan uyg‘un holda tizimli va uzluksiz davom ettirilishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri