Soxta matbaa mahsulotlarini sotib olmang
Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, matbaa sohasida soxtalik yo‘lini tutib, qonun talablarini mensimaydigan, manfaati yo‘lida iste’molchilar huquqini buzishdan, kishilar sog‘ligiga zarar yetkazishdan toymaydigan «ishbilarmon»lar ham uchrab turibdi.
Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, matbaa sohasida soxtalik yo‘lini tutib, qonun talablarini mensimaydigan, manfaati yo‘lida iste’molchilar huquqini buzishdan, kishilar sog‘ligiga zarar yetkazishdan toymaydigan «ishbilarmon»lar ham uchrab turibdi. Shu yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishda qonunbuzilish holatlari aniqlangan va qonuniy choralar ko‘rilgan.Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan tashkil etilgan «Kontrafakt matbaa mahsulotlari: aniqlash, chora ko‘rish va oldini olish» mavzuidagi seminarda bu haqda ma’lum qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, «O‘zstandart» agentligi, «O‘zdavkitobsavdota’minoti» mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul xodimlari, poytaxt va Toshkent viloyatidagi nashriyotlar, matbaa korxonalari rahbarlari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda yiliga 4 mingdan ortiq nomda 60 milliondan ziyod nusxada matbaa mahsulotlari tayyorlab berayotgan 1 ming 800 dan ortiq matbaa korxonasi faoliyat olib bormoqda. O‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarini qonuniy asosda tashkil etib, jamiyat va mamlakat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan va bu orqali farovonlikka erishayotgan korxonalar talaygina. Ammo noshirlik va matbaa faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanuvchi shaxslar ham bor.
Vazirlar Mahkamasining tegishli chora-tadbirlar rejasiga muvofiq noqonuniy noshirlik va matbaa faoliyati bilan shug‘ullanuvchi matbaa korxonalarini aniqlash, savdo majmualari, bozorlar, turg‘un savdo shoxobchalarida sotilayotgan matbaa mahsulotlarining davlat standarti talablariga mosligini o‘rganish, mazmunan sayoz, g‘aliz, axloq me’yorlari, ma’naviyatimiz va milliy qadriyatlarimizga mos kelmaydigan, o‘quvchi fikrini chalg‘itadigan, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan adabiyotlarni tayyorlash va bosib chiqarishning oldini olish maqsadida agentlik tegishli tashkilotlar bilan birga monitoring olib bormoqda.
Joriy yilning so‘nggi ikki oyida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 444 ta matbaa korxonasi monitoringdan o‘tkazilib, 37 ta matbaa korxonasining guvohnomalari bekor qilingan.
Seminarda turg‘un savdo shoxobchalari va bozor rastalariga kontrafakt matbaa mahsulotlarining sotuvga chiqib ketish hollari, qonun hujjatlari, davlat stantdartlari va belgilangan me’yorlarga zid ravishda tayyorlangan va chop etilgan mahsulotlarning, ayniqsa, yosh avlod salomatligiga salbiy ta’siri, matbaa korxonalarida sifat va narx uyg‘unligini ta’minlash mexanizmini takomillashtirish kabi qator masalalar muhokama qilindi. Kontrafakt mahsulotlar tarqalishining oldini olish yuzasidan tegishli tavsiyalar, shuningdek, bu kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanganlik uchun milliy qonunchiligimizda nazarda tutilgan javobgarlik haqida tushuncha berildi.
«Yoshlar matbuoti», «Sano standart», «Ofset print», «Poligrafservis» kabi matbaa korxonalariga agentlikning faxriy yorliqlari topshirildi.