Sog‘lom millat — kuchli davlat poydevori
7-aprel — Butunjahon salomatlik kuni
Inson hayotidagi eng katta boylik bu - uning sog‘lig‘i. Jamiyat taraqqiyoti, avvalo, aholining sog‘lom va farovon yashashiga bog‘liq. Shu bois har yili 7-aprel sanasi butun dunyoda Butunjahon salomatlik kuni sifatida keng nishonlanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda insoniyat salomatligiga jiddiy tahdid solayotgan omillar mavjud. Har yili dunyo bo‘ylab 40 milliondan ortiq inson yuqumli bo‘lmagan kasalliklar sabab hayotdan ko‘z yumadi. Bu umumiy o‘lim holatlarining qariyb 74 foizini tashkil etadi. Ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari yil sayin 17,9 million inson umriga zomin bo‘lmoqda. Shuningdek, har uch kishidan biri ortiqcha vazn yoki semizlik muammosiga duch kelayotgani ham jiddiy xavotirli holatdir. Yetarli jismoniy faollikning yo‘qligi esa har yili qariyb 5 milliongacha insonning hayotiga zomin bo‘lmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish orqali yurak xastaliklari va insult holatlarining 80 foizgachasining oldini olish mumkin. Bu esa har bir inson o‘z salomatligi uchun, eng avvalo o‘zi mas’ul ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda ham aholi salomatligini muhofaza qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan so‘nggi yillarda tibbiyot tizimini isloh qilish, zamonaviy shifoxonalar qurish, raqamli tibbiyotni joriy etish va aholiga tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qishloq va chekka hududlarda ham tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda, profilaktika va erta tashxislashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish borasida keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Chunki sog‘lom millat — kuchli davlat poydevori.
Bu sana har birimiz uchun bir ogohlik qo‘ng‘irog‘i. Salomatlikka e’tiborni kechiktirmaslik, to‘g‘ri ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik bilan shug‘ullanish va ruhiy barqarorlikni saqlash — uzoq va mazmunli hayotning asosiy garovi.
N.Rahmonova,
O‘zA