Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Dastlab deputatlar “Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Shuhrat Xolmuhamedov batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus tuzilmalar xodimlari, shuningdek ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi harbiy xizmatchilar, shuningdek, ularning oila a’zolarini pensiya bilan ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Loyiha bilan harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini davlat pensiyalari bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini qonun bilan belgilash, ushbu pensiyani tayinlash shartlari, turlari, miqdorlari va tartibiga oid normalarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, harbiy xizmatda 30 yildan ortiq xizmat qilganlar uchun pensiyaning bazaviy miqdorini aniqlashda ish haqining hisobga olinadigan miqdorini 75 foizdan 100 foizga oshirish, shuningdek, pensiya tayinlashda asos bo‘ladigan pensiyani hisoblash bazaviy miqdorini o‘n baravaridan kelib chiqib hisoblash amaliyotini o‘n ikki baravaridan kelib chiqib amalga oshirish taklif etilmoqda.
Taqdim etilayotgan imtiyozlar Vatanimiz va xalqimiz xavfsizligini ta’minlashda uzoq yillar fidokorona xizmat qilgan, fidoyilik ko‘rsatgan harbiylarimizni qo‘shimcha rag‘batlantirish, yoshlarimizda bu sohaga bo‘lgan mehr va ishtiyoqni oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi maqsadlarni nazarda tutgan.
Muhokamalarda bir qator deputatlar, fraksiyalar rahbarlari qonun loyihasi qabul qilinishining bugungi kundagi ahamiyati, dolzarbligi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, ularga pensiya tayinlash borasidagi amaliyot 90-yillardagi hujjatlar asosida qolib ketgani, o‘tgan yillar davomida ushbu sohadagi munosabatlar yaxlit qonun doirasida birlashtirilmagani kamchilik sifatida aytib o‘tildi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasidagi normalar harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish samaradorligi va harbiy xizmat jozibadorligini oshirish, pensiya ta’minoti sohasidagi munosabatlarni aniq tartibga solishga xizmat qiladi. Shuningdek, sohaga yoshlarning qiziqishi va intilishini qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA