Sog‘liqni saqlash tizimidagi ishlar muhokama qilindi
Nukusda “Sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar: natijalar, muammolar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur jamoatchilik eshituvi O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tomonidan tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Qoraqalpog‘iston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohada erishilayotgan natijalar, mavjud muammolar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalarni jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining fikr-mulohazalarini o‘rganish hamda soha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan amaliy takliflarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Murat Qurbanov ishtirokchilarga hududda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va ushbu jarayonlarda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Taqdimotda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, malakali tibbiyot kadrlari bilan ta’minlash, kasalliklarni erta aniqlash va oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, sohada erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, aholini sifatli va o‘z vaqtida tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash, ayrim hududlarda tibbiyot kadrlari yetishmovchiligi, tibbiy muassasalarning moddiy-texnik ta’minoti, aholi murojaatlari bilan ishlash hamda tibbiy xizmatlardan foydalanish jarayonida uchrayotgan ayrim muammolar ham muhokama qilindi.
Tadbirning jamoatchilik muhokamasi qismida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, jamoatchilik faollari hamda boshqa ishtirokchilar o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Ular tomonidan sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmatlar sifati va qulayligini oshirish, aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish hamda mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Yakunda sog‘liqni saqlash tizimida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan samarali foydalanish, aholining sog‘liqni saqlash sohasidagi murojaat va takliflarini muntazam o‘rganib borish hamda bildirilgan takliflarni tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ko‘rib chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri