Namanganda 45 million so‘mlik soxta pullar yo‘q qilindi
Yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoiy faoliyat natijasida muomalaga kiritilishi mumkin bo‘lgan soxta pullarning tarqalishining oldini olish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Chortoq tumani bo‘limi tomonidan jinoiy ish doirasida ashyoviy dalil sifatida saqlangan, umumiy qiymati 45 million so‘m bo‘lgan soxta pullar belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
– Soxta pullarning muomalaga kiritilishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga moddiy zarar yetkazishi, shuningdek, pul muomalasiga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, – deydi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Mirzaahmedov. – Shu bois, jinoiy ishlar doirasida ashyoviy dalil sifatida olingan soxta pullarning qonunchilikda belgilangan tartibda saqlanishi, keyinchalik esa tegishli qaror asosida yo‘q qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Chortoq tuman Majburiy ijro byurosi bo‘limi tomonidan mazkur soxta pullar belgilangan tartib va talablarga rioya etilgan holda yo‘q qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.