Shior emas, amaliy natija: Mirzaobodning yangi qiyofasi
Bugun O‘zbekistonda ijtimoiy himoya va aholi farovonligini yuksaltirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tadbiq etilayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, balki inson qadrini ulug‘lash, har bir oilaning munosib hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega hujjatdir.
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida mazkur dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bugun o‘z mevasini bera boshladi.
Mirzaobodda kechayotgan o‘zgarishlar shunchaki hisobotlardagi raqamlar emas, balki aholi hayotidagi aniq ijobiy natijalardir. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina o‘tgan yilning o‘zida Mahallalarni rivojlantirish jamg‘armasiga kelib tushgan 829 million so‘mdan ziyod mablag‘ning asosiy qismi — qariyb 774 million so‘mi ijtimoiy soha, infratuzilma ob’ektlarini ta’mirlash va aholi turmush sharoitini yaxshilashga yo‘naltirildi.


— Ko‘pchilikda bu mablag‘lar tuman qiyofasini qanday o‘zgartirdi?, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy, — deydi O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Mirzaobod tumani bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Mavlonov. — Birinchi navbatda, infratuzilma masalasiga e’tibor qaratdik. Tuman hududida 1,7 kilometrga yaqin ichki yo‘llar asfaltlandi. Eng muhimi, “qorong‘i ko‘cha” tushunchasiga chek qo‘yish maqsadida 91 ta zamonaviy tungi chiroq va 88 ta quyosh batareyali yoritish uskunalari o‘rnatildi. Suv ta’minotidagi muammolar ham bosqichma-bosqich hal etilib, yangi tarmoqlar tortildi. Biroq dasturning mohiyati faqat yo‘l yoki chiroqda emas. U, eng avvalo, inson taqdiriga daxldor. Ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish doirasida 12 ta xonadon kapital ta’mirlandi, ularga qurilish materiallari va energiya tejamkor quyosh panellari bepul o‘rnatib berildi. Masalan, Sh. Pardaboyeva xonadonida o‘rnatilgan 3 kVt lik quyosh paneli oilaning elektr energiyasi uchun xarajatlarini keskin kamaytirish imkonini berdi.


Ishsizlikni qisqartirish va kam daromadli oilalarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash borasida ham tizimli qadamlar tashlandi. Tumandagi 5 ta mahallada namunaviy tarzda “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil qilindi. Ushbu tuzilmalar zarur texnik uskunalar va elektr motorollerlar bilan ta’minlanib, mahallalardagi ishsiz yoshlarni band qildi. Hozirda ular aholi xonadonlariga 20 dan ortiq turdagi servis xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
— Tomorqadan unumli foydalanish borasida Qodirovlar va Mirzayevlar oilalarining tajribasi tahsinga loyiq, — deydi M. Mavlonov. — Biri issiqxonada poliz mahsulotlari yetishtirsa, ikkinchisi parrandachilik orqali ro‘zg‘orini but qilmoqda. Bu raqamlar emas, balki insonlarning o‘z mehnati bilan kambag‘allikdan chiqib borayotganining hayotiy ifodasidir.


“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 17 ta mahallada 143 mingdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilib mahalla bog‘lari barpo etildi. Bu hududning ekologik barqarorligini ta’minlash bilan birga, aholi uchun sog‘lom muhit yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasi yangilandi, binolar ta’mirlanib, raqamli texnologiyalar bilan jihozlandi.
Mirzaobodda amalga oshirilayotgan ushbu tizimli ishlar 2025 – 2026-yillarda minglab fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish yo‘lidagi ulkan maqsadlarning bir qismidir. Dasturning asosiy maqsadi faqat moddiy yordam berish emas, balki aholining bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish va o‘z daromadini mustaqil yaratishga rag‘batlantirishdir. Zero, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyili — xalqimiz roziligi va kelajakka bo‘lgan ishonchining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri