Barqaror taraqqiyot uchun umumiy mas’uliyat hissi muhim
Mustaqilligimizning 35 yilligiga
Vatanni sevmoq iymon va e’tiqod mezonlarini belgilab beradi. Milliy mustaqilligimiz, mard va matonatli xalqimizning qat’iy irodasi asosida bunyod etilgani sir emas. Bu yo‘lda, istiqlol umidida jonini fido qilgan ajdodlarimiz orzu-umidlari bugun yurtimizda qaror topayotgan tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotda o‘z ifodasini topmoqda.
Shu kunlarda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning mantiqiy davomi bo‘lib, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarimizni yana bir bor namoyon etmoqda.
O‘ttiz besh yil tarix mezonida ulkan davr sifatida baholanmasligi mumkin. Biroq O‘zbekiston davlatchiligi taraqqiyoti nuqtai nazaridan qaralganda mazkur yillar davomida amalga oshirilgan strategik islohotlar, ulug‘ maqsad yo‘lida ro‘yobga chiqarilgan keng qamrovli yangilanishlar nafaqat milliy taraqqiyotimizda aks etdi, balki jahon hamjamiyati e’tiborini ham tortdi.
Mazkur davr mobaynida Yangi O‘zbekistonning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlagan tarixiy islohotlar amalga oshirilib, inson qadri, uning hayoti, erkinligi, sha’ni oliy qadriyat sifatida konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.
Shuningdek, inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ishlab chiqildi. Bu yo‘lda buyuk maqsadlarni o‘zida mujassam etgan “Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish” g‘oyasi ilgari surilib, aniq vazifalar belgilab berildi.
O‘zbekiston dunyoga ochildi. Dunyo ham o‘z navbatida Yangi O‘zbekiston bilan do‘stlik va hamkorlik aloqalarini kengaytirdi. Yaxshi qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlanib, ularning ichki siyosatiga aralashmaslik, tashqi siyosatda esa tinchlik va barqarorlikni himoya qilish kabi ulug‘vor maqsadlar ilgari surilmoqda.
Darhaqiqat, xalqimiz hayotida ro‘y bergan o‘zgarishlar, aholining turmush farovonligi oshib borayotgani, hamma ishlar “inson” va “inson qadri” uchun tamoyili asosida olib borilayotgani e’tiborga molik.
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilish kerak” tamoyili asosida aholi murojaatlarining ijobiy yechim topayotgani, iqtisodiy-ijtimoiy xizmat turlari jahon standartlari asosida amalga oshirilayotgani, raqamli xizmat sohalari rivojlanayotgani ham fikrimiz isbotidir.
Xotin-qizlar va yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Jumladan, bu yo‘nalishda 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilishi natijasida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilmoqda.
Bugungi kunga kelib mamlakatimizda 230 mingga yaqin tadbirkor ayollar qatlami shakllandi. Shuningdek, 6 mingga yaqin olima ayollarimiz ilm-fan sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
E’tiborlisi, o‘tgan yil davomida qizlarimiz xalqaro musobaqalarda 167 ta oltin, 193 ta kumush va 230 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi. Bu kabi yutuqlar ham yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samarasi hisoblanadi.
O‘zbekistonning Parlamentlararo Ittifoqning parlamentdagi ayollar ulushi bo‘yicha reytingida 92-pog‘onadan 36-o‘ringa ko‘tarilgani, “Gender tenglik va boshqaruv indeksi”da 103-o‘rindan 52-o‘ringa yaxshilangani, shuningdek, Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 43 pog‘onaga ilgarilab, 48-o‘rinni egallagani bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda. Mazkur ko‘rsatkichlar mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish borasida olib borilayotgan siyosat natijasidir.
Zero, Prezidentimiz: “Mening asosiy maqsadim – tinchlik va taraqqiyot barqaror bo‘lgan, odamlari baxtiyor hayot kechiradigan, dunyoda o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishdan iborat”, deya ta’kidlaganlari ham bejiz emas.
“O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror barchamizni “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya atrofida birlashtirmoqda.
Bu asosda respublika bo‘ylab keng ko‘lamdagi ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy loyihalarni o‘z ichiga olgan “Mustaqillik to‘yi” (festivali) tadbirlarini o‘tkazish belgilandi. Mazkur targ‘ibot tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat ijodiy guruhlar shakllantirilib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi belgilandi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi biriktirilgan vazirlik va idoralar hamkorligida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijadorligini o‘zida aks ettirgan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomini tayyorlash uchun amaliy ishlar boshlandi.
“Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomi keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan bo‘lib, har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar tahliliy yoritilib, erishilgan yutuqlar va natijalar haqida qiziqarli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Shu tariqa unda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqimizning farovon turmush tarzi, tinch va osuda hayotimizni asrab-avaylash, avlodlarimizga ozod va obod Vatanni meros qoldirishdek maqsadlar jamlanmoqda.
Zero, Yangi O‘zbekiston barchamizniki, yangi kelajak yaratishga har birimiz mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz lozim.
Pardaxol NORQOBILOVA,
Respublika Ma’naviyat va
ma’rifat markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA