Senat: mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘yilmaydi
Senat yalpi majlisida “Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova mamlakatimizda kamsitishning oldini olish, mehnat munosabatlarida tenglik va adolat tamoyillarini ta’minlash hamda xalqaro mehnat standartlarini milliy amaliyotga izchil joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari qoidalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali mehnat sohasidagi huquqiy baza bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.

Qonun bilan Mehnat kodeksiga “terisining rangi” hamda “siyosiy qarashlari” kabi belgilar mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish sifatida baholanadigan holatlar hisoblanishini, shuningdek, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.


Senatorlar ma’qullagan qonun mehnat sohasida barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratish, har qanday ko‘rinishdagi kamsitishlarning oldini olish hamda fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA