O‘z an’anasiga sodiq afsonaviy nashrlar
Vaqt sinovidan o‘tgan gazeta va jurnallarning o‘ziga xos an’analari
Bugungi internet, raqamli texnologiya taraqqiy etib, insonlarning gazeta va jurnallar mutolaasiga bo‘lgan talabi ancha sustlashgan davrda tahririyatlar oldida obunachilar auditoriyasiga yangi o‘quvchilarni jalb etish, gazetxonlarning mutolaaga bo‘lgan ehtiyojini saqlab qolishdek muhim vazifa turibdi. Jahon noshirlik olamida faoliyati bir asrga tatigulik gazeta va jurnallar borki, ular o‘zining muayyan an’analariga sodiqligi bilan nashrni oddiy axborot manbaidan o‘ziga xos madaniy brend va fenomenga aylantirgan. Ushbu vazifani uddalaganlarini afsonaviy nashrlar, deya atay olamiz. Ular yillar “zarbiga” dosh berib insoniyat ma’rifati uchun xizmat qilib kelmoqda. Quyida o‘z an’analarini saqlagan holda zamon bilan hamnafas “yashab kelayotgan“ gazeta va jurnallarning xos an’analari haqida so‘z yuritamiz.
“The New York Times” ning “Olxo‘ri pirogi”
“The New York Times” 1851-yildan beri Nyu-York shahrida nashr etiladigan kundalik gazeta hisoblanadi. Gazetaning 117-marta Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgani rekord natija, albatta. "Kulrang xonim" laqabini olgan nashr faoliyatini “All the News That’s Fit to Print” (“Barcha yangiliklar chop etishga munosib”) shiori ostida olib boradi. Mazkur shior ostidagi faoliyati tahririyatning ijodiy an’analarini ifoda etadi. Bundan tashqari, gazeta o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida bir qator o‘ziga xos an’analarini shakllantirib, “o‘quvchilari” salmog‘ini oshirib kelgan. Tahririyatning 1970-yildan buyon yo‘lga qo‘ygan an’anasiga ko‘ra, haftaning har kuni aniq bir rukn ostida foydali ko‘rsatma yoki ma’lumotnoma beriladi. Masalan, har shanba kuni “36 soat” rukni ostida dam olish kunlari hordiq chiqarish uchun munosib joylar haqida ma’lumot beriladi. Yoki, an’anaviy tarzda har yakshanba kuni gazeta sahifalarida e’lon qilinadigan “Best Seller list” (Bestseller kitoblar ro‘yxati) dunyoning eng ahamiyatli reytinglaridan hisoblanadi. Shuningdek, ilk bor 1983-yil 21-sentabr kuni gazeta sahifasida kulinariya sharhlovchisi Marian Burros muallifligida e’lon qilingan “Olxo‘ri pirogi” nashr an’anasini boyitdi. Olxo‘ri mavsumi kirib kelishi bilan retsept o‘quvchilar orasida shu qadar mashhur bo‘lib ketdiki, tahririyat uni 1989-yilga qadar har yili sentabr oyida qayta-qayta e’lon qilib bordi. Biroq muharrirlar an’anani to‘xtatishga qaror qilganida, tahririyatga obunachilarning norozilik xatlari “yog‘ildi”. O‘quvchilar uchun bu oddiy retsept emas, balki yozning ortda qolayotgani va kuzning eshik qoqib kelayotganini eslatuvchi o‘ziga xos ramz edi. Shu tariqa, o‘quvchilarning talabi bu retseptni oddiy taomnomadan gazetaning o‘ziga xos an’anasiga aylantirdi. Shundan buyon har yili sentabr oyi boshida Marian Burrosning “Olxo‘ri pirogi” retsepti nashr sahifalari bilan birga internet manbalarida yana paydo bo‘ladi.
Sahifalari xattotlar tomonidan yoziladigan gazeta
1927-yildan buyon Hindistonning Chennay shahrida chiqadigan “Musalman” gazetasi qariyb bir asrdan beri urdu matbuoti an’anasini saqlab keladi. Nashrning o‘ziga xos an’anaviy jihati raqamli davrda ham sahifalari qo‘lda xattotlar tomonidan yozilib, keyin bosmaxonada ko‘paytirilishidir.

Gazeta matni kompyuterda terilmaydi. Katiblar (maxsus urdu xattotlari) har bir sahifani qo‘lda yozadilar. Keyin tayyor sahifalar bosmaxonada ko‘paytiriladi. Shu sababli uni ko‘plab manbalar dunyodagi yagona qo‘lda yoziladigan kundalik gazeta sifatida ta’riflaydi. Bu yerda “qo‘lda yozish” deganda bitta-ikkita maqolani qo‘lda yozish emas, balki gazetaning barcha sahifalarini professional xattotlik uslubida tayyorlash nazarda tutiladi.
Bosma nashrni qadrlovchilar uchun maxsus ilova
1821-yilda asos solingan va dunyo bo‘ylab eng ko‘p o‘qiladigan “The Guardian” gazetasi nufuzli, mustaqil siyosiy nashrlardan biri hisoblanadi. Nashr “Guardian Media Group” tashkilotiga tegishli bo‘lib, u tijoriy maqsadlarini ko‘zlamaydigan “Scott Trust” jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Bu esa gazetaning moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lishini ta’minlaydi.
“Holiday Traditions” (“Bayram an’analari”) “The Guardian” gazetasining yangi yil bayrami arafasida o‘tkaziladigan an’anaviy loyihasi bo‘lib, unda dunyoning turli burchaklaridagi insonlarning yangi yil bayramiga oid eng qiziqarli mahalliy urf-odatlari to‘planib, nashrning bayram sonlari sahifalarida chop etiladi. Shu bilan birga, gazeta yillar davomida formatdagi an’anasiga sodiq bo‘lgan. Gazeta qariyb ikki asr davomida (1821–2005-yillar) klassik katta formatda chop etilgan.
“The Guardian” raqamli texnologiya davrida ham bosma nashr ko‘rinishi va dizaynini qadrlaydigan o‘quvchilari uchun alohida taklifni kiritdi. Maxsus mobil ilovasi orqali obunachilarga gazetaning xuddi shu kungi bosma (qog‘oz) shaklidagi dizayni, sahifalanishi va suratlar joylashuvini to‘liq aks ettiruvchi raqamli PDF varaqlari taqdim etiladi. Bu an’anaviy gazeta o‘qish madaniyatini qadrlovchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan. Shuningdek, nashrning yangi yil bayrami arafasida maxsus murakkab krossvordlar berish an’anasi bor bo‘lib, uni yechish ko‘p o‘quvchilar uchun bayram an’anasining bir qismiga aylangan.
Kelasi yil prognozlari “The Economist” ning maxsus sonida

Britaniyaning mashhur “The Economist” jurnalining har yil yakunida tayyorlanadigan maxsus soniga aynan “The World in…” nomi beriladi. Unda kelayotgan yilda dunyo siyosati, iqtisodiyoti, texnologiya va boshqa sohalari qanday o‘zgarishlarga duch kelishi mumkinligi tahlil qilinadi. Nashrda turli mamlakatlar va mintaqalardagi siyosiy jarayonlar, iqtisodiy holat, xalqaro munosabatlar, texnologik taraqqiyot, iqlim o‘zgarishi va ijtimoiy muammolarga e’tibor qaratiladi. Ushbu son muqovasi aynan kelasi yil prognozlariga oid sirli va qiziqarli illyustratsiyalar bilan boyitiladi.
Tahrirsiz suratlar
Tabiat, hayvonot va insonlarga oid noyob suratlari bilan sayyoramiz hayotini yoritib boradigan “National Geographic” jurnal muqovasidagi sariq hoshiya nashrning brendi va o‘zgarmas an’anasiga aylangan. Tahririyat talabiga ko‘ra, fotograflarga rasmlarni raqamli qayta ishlash (fotoshop) taqiqlanadi. Kadr hayotda qanday bo‘lsa, shunday qolishi shart. Shuningdek, maqolalar shunchaki yozilmaydi, mualliflar oylab, ba’zan yillab belgilangan hududda yashab, tadqiqot olib boradi. Bu ham tahririyatning o‘ziga an’anasiga aylangan bo‘lib, an’ana jurnalning yillar sinoviga bardoshli afsonaviy nashrlardan bo‘lib qolishi uchun xizmat qilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkin, gazeta va jurnallarning yillar davomida shakllantirgan an’analari tahririyatning o‘ziga xos uslubini yuzaga keltirib, uning qiyofasi va mavqeini belgilaydi. Bunday an’analar yillar, hattoki asrlar davomida o‘z ahamiyatini yo‘qotmasdan, jamiyatning ma’rifiy va madaniy taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, xorij matbuotida shakllangan an’analarni o‘rganish nafaqat matbuot tarixini tadqiq etish, balki jurnalistika taraqqiyotining o‘ziga xos xususiyatlarini anglash, zamonaviy ommaviy axborot vositalari faoliyatidagi tarixiy tajribadan foydalanish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Zuhra Mirzaboyeva, O‘zA