SENAT: hayotda uchrayotgan muammoli masalalar va yechimlar (+video)
Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi kundalik hayotda uchrayotgan muammoli masalalarga e’tibor qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Masalan, bolalar bog‘chasi yoki maktabda bolalarni urish, ularga tazyiq o‘tkazish kabi nomaqbul holatlar uchrayotgani sir emas. Gohida ehtiyojmand odamlarga ajratilgan ijtimoiy yordamning o‘z egasiga yetib bormasligi kabi holatlar uchrab turadi.
Senatda bu masalalarga e’tibor qaratilibgina qolmay, ularga chek qo‘yadigan ijtimoiy ish va bolalarni ijtimoiy himoya qilishga oid qonunlar ma’qullandi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva aynan shu masalalarda fikr bildirib, ajratilayotgan ijtimoiy yordam pullari, ayniqsa, berilayotgan imtiyozlar, xizmatlar o‘zining haqiqiy egasiga yetib borishi shartligini qayd etib, bu borada parlament va deputatlik nazorati olib borilishini ta’kidladi.
Bolalarni ijtimoiy himoya qilishga oid qonun ta’lim tizimida bola uchun xavfsiz va sog‘lom muhit yaratadi. Bolalarga ozor beradigan shaxslarning pedagogik faoliyatiga cheklovlar kiritildi.
[gallery-30347]
Senat Raisi qayd etganidek, har bir ta’lim muassasasi rahbari, har bir pedagog, har bir tarbiyachi bolaning qadr-qimmatiga daxl qilish hech qanday holatda oqlanmasligini chuqur anglab olishi kerak.
Yalpi majlisning ikkinchi ish kunida davlat fuqarolik xizmati, farmatsevtika sohasi hamda boshqa qator yo‘nalishlarga oid masalalar muhokama qilindi.
Majlisda professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotgani davlat xizmatchilari ishining natijadorligini ta’minlash, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Prokuratura, ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari va sudyalar Prezident Administratsiyasiga ishga o‘tganda ularning avvalgi xizmat joyi kadrlar zaxirasida saqlanib qolishi kafolatlanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar samaradorligini oshiradi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruza eshitildi.Asosiy maqsad – xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallash emas, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, aholi farovonligi, huquq va erkinliklarini ta’minlashdan iboratligi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Senatorlar o‘z chiqishlarida sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar, jumladan, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini reyting asosida baholash, raqobat muhitini kuchaytirish va ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Shu bilan Senatning o‘n yettinchi yalpi majlisi yakunlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/e41TgHQ2bhc" title="SYeNAT: hayotda uchrayotgan muammoli masalalar va yechimlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
Nishonboy Abduvoitov (video),
Salim Obidjonov (montaj), O‘zA