O‘zbekiston: oq-qora tarixdan taraqqiyotning yangi ranglari sari
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Rossiyaning “Komsomolskaya pravda” nashrida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori o‘rinbosari, siyosiy fanlar doktori (PhD) A.Yusupovning “O‘zbekiston: oq-qora tarixdan taraqqiyotning yangi ranglari sari” nomli tahliliy maqola e’lon qilindi.
Maqolada O‘zbekistonning 35 yillik mustaqillik davrida bosib o‘tgan yo‘li, mamlakatda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va taraqqiyotning yangi bosqichi haqida fikr yuritiladi.
Qayd etilishicha, uzoq vaqt davomida O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy modeli “oq-qora” tusda, ya’ni qat’iy markazlashgan, yopiq va davlatning o‘zgarmas qoidalariga bog‘lanib qolgan edi. Eski tizimning ikki asosiy qutbi (“rangi”) ma’muriy-buyruqbozlik boshqaruvi va xomashyoga qaramlikdan iborat edi. Mamlakat asosan paxta, oltin va gaz eksporti bilan bog‘liq holda tasavvur qilinar edi.
“Oq-qora” tarixdan yangi bosqichga o‘tish – bu hayotning bir xil tusdagi holatidan ranglar va imkoniyatlar xilma-xilligi sari o‘tishini anglatuvchi paradigma almashinuvidir.
Bu an’anaviy qarash va tamoyillarni qayta anglash hamda baholashni talab etadigan chuqur transformatsiya jarayonidir.
Muallif fikricha, mustaqillik avlodi mamlakat tarixiy manzarasining rangini tubdan o‘zgartirmoqda. Uning uchun mustaqillik – o‘tgan asrdagi siyosiy burilish haqidagi xotira emas. Bu avlod sovet davri tajribasi va dunyoqarashi ta’sirida shakllanmagan.
Muallif mustaqillikning 35 yilligini nafaqat tarixiy sana, balki zamonaviy O‘zbekiston davlatchiligining shakllanishi va yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tish siklining boshlanishi sifatida baholaydi.
Maqolaning o‘ziga xos jihati shundaki, unda mamlakat taraqqiyotining so‘nggi 10 yillikdagi asosiy yutuqlari tahlil qilingan.
🔹Iqtisodiy islohotlar va diversifikatsiya. O‘zbekistonning xom-ashyoga bog‘liq iqtisodiyotdan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, zamonaviy ishlab chiqarish va xizmatlarga tayangan yangi iqtisodiy tizimga o‘tish jarayoni yoritiladi.
🔹Ochiqlik va investitsiyaviy jozibadorlik. Iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlik uchun yaratilgan imkoniyatlar va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratilgan.
🔹Raqamlashtirish va IT sohasi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirish va yosh kadrlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biri sifatida ko‘rsatiladi.
🔹Inson kapitali va ijtimoiy siyosat. Ta’lim, aholi farovonligi, ijtimoiy himoya va inson salohiyatini rivojlantirish islohotlarning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etiladi.
🔹Davlat va jamiyat munosabatlarining yangi modeli. Fuqarolarning fikri va ehtiyojlarini inobatga olish, davlat organlarining aholi bilan muloqotini kuchaytirish hamda boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar tahlil qilinadi.
🔹Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan siyosati mintaqada barqarorlik va hamkorlikni ta’minlashning muhim omili sifatida baholanadi.
Maqolada 35 yillik tarixiy davrda katta yutuqlarga erishgan Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy va Finlyandiya kabi davlatlarning modernizatsiya jarayonlari tahlil qilingan. Xususan, muallif bu orqali mamlakat taraqqiyotining asosiy mezoni faqat iqtisodiy resurslar emas, balki inson kapitali, innovatsiyalar, samarali institutlar va o‘zgarishlarga moslashish salohiyatining mavjudligi deya ta’kidlaydi.
Muallifning fikricha, O‘zbekiston taraqqiyotining keyingi bosqichida asosiy e’tibor yangilik yaratish, inson salohiyatini rivojlantirish, raqamlashtirishni jadallashtirish, mehnat unumdorligini oshirish va global chaqiriqlarga samarali javob berishga qaratilishi lozim.
Umuman, muallif maqolada O‘zbekistonning 35 yillik mustaqillik davridagi o‘zgarishlarini sarhisob qilish bilan birga, mamlakatning kelgusi taraqqiyot istiqbollariga nazar tashlaydi.