Samarqandda qanday texnologiyalar yaratilmoqda?
Bugun zamonaviy texnologiyalar deganda, ko‘pchilik xorij mahsulotlarini tasavvur qiladi.
Samarqandning o‘zida ham shunday mahsulotlar yaratilayotganini bilasizmi? Mahalliy dasturchilar ishlab chiqqan yechimlar mahsulot tannarxini qanchaga kamaytirmoqda?
Bu savollarga Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan «Samled» MCHJ misolida javob topish mumkin. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Samarqandga tashrifi doirasida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mazkur korxona faoliyati bilan tanishdi.

«Samled» MCHJ bugungi kunda zamonaviy kuzatuv kameralari, FaceID texnologiyasiga ega aqlli turniketlar, kompyuter qurilmalarini yig‘ish va ularning dasturiy ta’minotini mahalliylashtirish, shuningdek, yoqilg‘i quyish shoxobchalarini raqamlashtirish yo‘nalishlarida ish olib bormoqda.
Korxona rahbari Jamshed Sattarov «Samled»ning rivojlanish bosqichlari va erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

Faoliyatini ovoz kuchaytirgichlar ishlab chiqarishdan boshlagan korxona bugun «Samvijn» brendi ostida zamonaviy kuzatuv kameralarini ishlab chiqarmoqda. E’tiborlisi, ushbu kameralarning dasturiy ta’minoti samarqandlik mahalliy dasturchilar tomonidan yaratilmoqda. Bu esa mahsulot tannarxini analoglarga nisbatan 30 foizgacha kamaytirish imkonini bermoqda.
Xo‘sh, mahalliy ishlab chiqarish faqat kuzatuv kameralari bilan cheklanadimi? Yo‘q. Korxonada FaceID texnologiyasi asosida ishlovchi aqlli turniketlar ham ishlab chiqarilmoqda. Kompyuter qurilmalarini to‘liq mahalliylashtirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Sherzod Shermatov mahsulot va dasturiy yechimlarni nafaqat ichki bozorga yetkazib berish, balki xorijiy bozorlarga eksport qilish muhimligini ta’kidladi.
Tashrif davomida mahalliy apparat va dasturiy yechimlarni rivojlantirish, ishlab chiqarishni kengaytirish hamda texnologik mustaqillikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA