Sun’iy intellekt yirik korxonalar faoliyatini qanday o‘zgartiradi?
Sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi davlat ishtirokidagi yirik korxonalar faoliyatini raqamlashtirish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Ayni paytda ushbu texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, ulardan korxonalar faoliyatida samarali foydalanish va raqamli yechimlarni keng tatbiq etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda "UzAssets" AJ tomonidan "Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda samarali sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish" mavzusida o‘tkazilgan anjumanda aynan shu masalalar muhokamasiga keng e’tibor qaratildi.
Soha mutasaddilari, korxonalar rahbarlari va mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda davlat ishtirokidagi korxonalarda sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni joriy etish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy taklif va yechimlar muhokama qilindi.

Shuningdek, yirik korxonalarning raqamli transformatsiyasiga yagona yondashuvni shakllantirishga qaratilgan Yagona transformatsiya platformasi taqdim etildi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “UzAssets” AJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur platforma raqamli tashabbuslarni tizimli amalga oshirish va zamonaviy texnologik yechimlarni korxonalar faoliyatiga joriy etishga xizmat qiladi.
Tadbirda "UzAssets" AJ departamenti direktori Bahodir Usmonov va boshqalar so‘zga chiqib, korxonalarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, raqamli yechimlarni amaliyotga joriy etish va ularning samaradorligini oshirish masalalariga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, sun’iy intellekt sohasidagi mahalliy va xorijiy kompaniyalar, yetkazib beruvchilar va hamkorlar tomonidan taqdim etilayotgan zamonaviy yechimlarni korxonalar faoliyatiga joriy etish yangi imkoniyatlarni ishga solish va mavjud jarayonlar samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Anjumanda ana shunday yechimlardan biri sifatida “O‘zbektelekom” AJ tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar taqdim etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “O‘zbektelekom” AJ vakili Vladislav Kamelyanning ma’lum qilishicha, kompaniya telekom ma’lumotlari asosida skoring, raqamli reklama, binolarni boshqarish va sun’iy intellektga asoslangan qator yechimlarni ishlab chiqmoqda.

–Telekom ma’lumotlari asosidagi skoring xizmati kompaniyalarga muayyan nomzodning kredit yoki boshqa xizmatlardan foydalanish imkoniyatini baholashda muhim hisoblanadi. Shuningdek, yaqinda ishga tushirilgan “AdTech” platformasi sun’iy intellekt asosida mijozlarni segmentlash, reklama jarayonlarini avtomatlashtirish va biznes uchun eng maqbul auditoriyani aniqlash imkonini beradi.
“Smart Business” platformasi ham yana bir muhim yechim bo‘lib, u binolarni 3D modellashtirish va boshqarish, xodimlar faoliyati, yong‘in xavfsizligi hamda ekologik holatni yagona tizim asosida nazorat qilishga ko‘makchi bo‘ladi. Sun’iy intellekt yordamida binodagi ehtimoliy muammolarni aniqlash va ular haqida tezkor ma’lumot olish mumkin.
Shuningdek, “AI Vision” yechimi videokuzatuv ma’lumotlarini tahlil qilish, ish jarayonlarini nazorat qilish va ishlab chiqarish samaradorligini baholash imkonini beradi. Kompaniya tomonidan “Uztelecom Ta’lim” platformasi va sun’iy intellekt asosida ishlaydigan “Mobil kotib” loyihasi ham ishlab chiqilmoqda, – dedi V.Kamelyan.
Tadbir yakunida davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish masalalari belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA