Samarqandda Indoneziya ruhi
Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi yaqinida “Kampung Indonesia” (Indoneziya mahallasi) mehmonxona va oshxonasi faoliyat boshladi.
Samarqand viloyati hokimligi delegatsiyasining yaqinda Indoneziyaga safari davomida mazkur mamlakatdagi “EGI Resources” kompaniyasi bilan turizm sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolangan edi. Ana shu kelishuv asosida tashkil etilgan turistik ob’ektda Indoneziyadan keladigan sayyohlarga milliy an’analarga mos xizmat ko‘rsatiladi.
Indoneziya ruhi to‘la aks etgan mazkur maskanda zamonaviy va qulay mehmonxona, shuningdek, ushbu davlat milliy taomlarini taklif etuvchi restoran faoliyat yuritadi. Bu esa mehmonlarga o‘z yurtidagi muhitni his etgan holda Samarqand ziyoratini amalga oshirish imkonini beradi.

– “Kampung Indonesia” konsepsiyasi doirasida nafaqat yashash va ovqatlanish, balki madaniy muhitni yaratish ham ustuvor vazifa etib belgilangan, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Interer va servisda Indoneziya milliy uslubi aks ettirilgan bo‘lib, bu mehmonlarda o‘ziga xos iliqlik va yaqinlik hissini uyg‘otadi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlash, ayniqsa, ziyorat turizmi yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu kabi tashabbuslar Samarqandni musulmonlar uchun yanada jozibador maskan sifatida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Indoneziyaga safar davomida Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev ushbu davlat haj va umra ishlari vaziri bilan uchrashib, indoneziyalik ziyoratchilarni “Umra+” dasturi asosida Samarqandga sayohatini tashkil etish taklifini bildirgan va bu taklif vazir tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri