«Road to Aichi-Nagoya 2026» yig‘ini doirasida antidoping masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahrida davom etayotgan «Road to Aichi-Nagoya 2026» xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida sportchilar va murabbiylar uchun antidoping mavzusida maxsus seminar tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi rais o‘rinbosari Hikmat Toshmatov, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi ijrochi direktori Tariq Suvey va boshqalar ishtirok etdi.
Seminar davomida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi mutaxassisi Asal Mansurova ishtirokchilarga antidoping qoidalari, taqiqlangan moddalar va usullar, terapevtik maqsadda foydalanish uchun beriladigan ruxsatnomalar (TUE), doping nazorati jarayoni, shuningdek, sportchilarning huquq va majburiyatlari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, sportda halollik va toza raqobat tamoyillariga rioya qilish, dori-darmon hamda biologik faol qo‘shimchalarni qabul qilishda ehtiyotkorlik bilan yondashish, antidoping qoidalarini buzishning ehtimoliy oqibatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javob oldi. Seminar sportchilarning jismoniy va texnik tayyorgarligi bilan bir qatorda, xalqaro musobaqalarda muhim ahamiyat kasb etadigan antidoping bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA