Behruz Karimov tarixiy gol bilan «Lugano» g‘alabasiga hissa qo‘shdi
Shveysariya Superligasining kechiktirilgan 4-turidan o‘rin olgan bahsda «Lugano» o‘z maydonida «Sankt-Gallen»ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
«Lugano» uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq hujumkor o‘yin namoyish etdi. Natijada Bekxem Kastro bir bor, Elias Pilstryom esa ikki marta raqib darvozasini ishg‘ol qilib, mezbonlarning yirik ustunligini ta’minladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimov uchun mazkur uchrashuv tarixiy voqeaga aylandi. Gap shundaki, o‘ng qanot yarim himoyachisi sifatida maydonga tushgan 19 yoshli futbolchi 16-daqiqada sariq kartochka oldi. Oradan 20 daqiqa o‘tib esa u «Sankt-Gallen» darvozasini ishg‘ol qilib, Shveysariya chempionatidagi ilk golini urdi.
Shu tariqa, Behruz Karimov Shveysariya chempionatida gol urgan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi va musobaqa tarixidan joy oldi.

Tanaffusdan so‘ng B.Karimov maydonga qaytmadi. Birinchi bo‘limda ogohlantirilgani va «Lugano»ning yirik hisobda oldinda borayotgani inobatga olinib, murabbiylar shtabi yosh futbolchini zaxirada qoldirdi. Darvoqe, “Sofascore” nashri Behruzbek Karimovning uchrashuvdagi harakatlariga 7,8 baho qo‘ydi. Bu har ikki jamoa a’zolari ichidagi eng kattasi bo‘ldi.

Mezbonlar uchun ikkinchi bo‘lim ham oson kechmadi. 47-daqiqada Elias Pilstryom to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olib, jamoasini bir kishi kam bo‘lib qolishiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, «Lugano» qolgan vaqtda raqib bosimiga bardosh berdi. «Sankt-Gallen» uchrashuv oxirida bir marta gol urishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, mezbonlar 3 ochkolik natijani saqlab qoldi.
Shu tariqa, «Lugano» 4:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng, sakkizta uchrashuvda 22 ochko jamg‘ardi. Jamoa turnir jadvalidagi peshqadamligini mustahkamlab, eng yaqin ta’qibchisi «Son»dan 4 ochkoga ilgarilab ketdi.
Ma’lumot uchun, Behruz Karimov «Lugano» bilan 2031-yil yoziga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzolagan. Uning avvalgi klubi «Surxon» esa futbolchining transferidan 240 ming yevro daromad olgan hamda keyingi transferdan 10 foiz ulush olish huquqiga ega.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA