Qurbon hayiti oldidan Makkada xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda
Qurbon hayiti arafasida Makka shahriga kelayotgan ziyoratchilar oqimi keskin ortdi. Saudiya Arabistoni rasmiylari ziyoratchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlarni joriy qildi.
Axborot hamkorimiz - “SPA” xabar berishicha, tavof maydonlari, Sa’y yo‘laklari va tashqi hududlarda harakat uzluksiz nazorat qilinmoqda. Tibbiy xizmat, sanitariya, favqulodda yordam va yo‘naltirish guruhlari kechayu-kunduz faoliyat olib bormoqda. Turli tillardagi axborot xizmati mehmonlarga manzil va amallarni oson topish imkonini yaratmoqda.
Muqaddas maskan infratuzilmasi ham yangi texnologiyalar bilan mustahkamlangan. Zamonaviy shamollatish, havoni sovitish va tungi yoritish tizimlari katta hajmdagi odamlar uchun qulay muhit hosil qilmoqda. Muhandislik yechimlari ovoz tarqalishini yaxshilab, xutba va namoz ovozini barcha nuqtaga aniq yetkazishga xizmat qilyapti.
Ayniqsa, shaharda yo‘l xavfsizligi masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Asosiy yo‘nalishlarda targ‘ibot ishlari kuchaytirilib, transport oqimini boshqarish choralari kengaytirilgan. Shuningdek, belgilangan sanadan boshlab ruxsatsiz avtomobillarni muqaddas hududlarga kiritish taqiqlanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA