JSST: “Hantavirus” bo‘yicha global xavf pastligicha qolmoqda
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus so‘zlariga ko‘ra, hozirda “hantavirus” epidemiyasining boshlanishini ko‘rsatadigan hech qanday alomatlar yo‘q va global salomatlik xavfi pastligicha qolmoqda.
Bu haqida u Madridda bo‘lib o‘tgan “hantavirus” bilan bog‘liq vaziyat haqidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Gebreyesus JSST Gollandiya bayrog‘i ostidagi “MV Hondius” yo‘lovchi kemasida ushbu virus holatlari haqida birinchi xabar berganidan beri 10 kundan oshiq vaqt o‘tganini ta’kidladi va Ispaniya hukumatiga kemani evakuatsiya qilishda darhol qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
– 23 mamlakatdan 150 ga yaqin odam kemada bir necha hafta o‘tkazgan va bu juda qo‘rqinchli tajriba bo‘lsa kerak, -dedi u. – Hatto ayrim yo‘lovchilar psixologik holdan toygan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, JSST baholashi global salomatlik xavfi pastligini ko‘rsatishda davom etmoqda. Hozirda virusni yuqtirganlik bo‘yicha 11 ta holat qayd etilgan, jumladan, uchta o‘lim ham. Infeksiyaning keyingi tarqalish xavfini minimallashtirish uchun shubhali va tasdiqlangan holatlar izolyatsiya qilingan va qattiq tibbiy kuzatuv ostida.
– Hozirda bizda kattaroq epidemiya boshlanishiga guvoh bo‘layotgan hech qanday belgilar yo‘q. Biroq vaziyat o‘zgarishi mumkin. Virusning uzoq inkubatsiya davrini hisobga olsak, yaqin haftalarda yangi holatlar aniqlanishi ehtimoli bor, -deya qayd etdi JSST rahbari.
G.Sattorova, O‘zA