Qoidabuzar iste’molchiga BHMning 150 baravariga teng iqtisodiy sanksiya qo‘llandi
Energetika tarmog‘idagi qoidabuzarlikka qarshi choralar kuchaytirilmoqda. Har qanday transformator va elektr tarmog‘i ob’ektlari loyiha xujjatlari asosida o‘rnatilishi va amaldagi normativ-huquqiy talablarga muvofiq foydalanishga berilishi talab etiladi. Aks holda, iste’molchilarga iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanishi qonun bilan belgilab qo‘yilgan.
Shunga qaramay, iste’molchilar tomonidan noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘yilyapti.
Tezkor tadbirlarda aniqlanishicha, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi "S. D. M." aksiyadorlik jamiyatiga tegishli 250 kVA quvvatli transformator punktining loyiha xujjatlari tayyorlanmay, rasmiy ruxsatsiz o‘rnatilgan va foydalanishga berilgan.
“O‘zenergoinspeksiya” bu holatni qayd etib, qoidabuzar iste’molchiga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravariga teng iqtisodiy sanksiya qo‘lladi. Bu haqda mazkur tashkilotning axborot xizmati ma’lum qildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA