Tibbiyot xodimlari homiylardan minnatdor
Mamlakatimizda axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq qilishga qaratilgan islohotlar jarayonida raqamlashtirish tizimi ishga tushishi natijasida sog‘liqni saqlash muassasalari ish faoliyati bosqichma-bosqich avtomatlashtirilmoqda.
Bunda bemorlarning salomatligi haqida turli manbalardan olinadigan ma’lumotlarni yagona elektron tibbiy kartaga birlashtirish imkonini beruvchi dasturiy yechimlar joriy etiladi. Shuningdek, ish hajmini optimallashtirish orqali sog‘liqni saqlash muassasalarining barcha bo‘g‘inlarida faoliyat samaradorligi oshiriladi. Bu soha xodimlar uchun ham, aholi uchun ham manfaatli bo‘ladi.

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi aholining 70 foizi hozir elektron ro‘yxatga olinib bo‘lindi va bu ishlar davom etyapti. Bu borada zamonaviy kompyuter uskunalariga ehtiyoj katta.
To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Shokirjon Yusupovning qayd etishicha, tumandagi Xo‘jand, Kumidon, Uzumzor, Katta Qo‘rg‘oncha, Qodirobod, Yakkatom, Kujron, Mozorko‘hna, Buramatut, Ozod va Past Naymancha mahallalarida yashovchi saxovatpesha kishilar himmati bilan tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 15 ta shifokorlik punktiga 578 million so‘mlik 50 dona kompyuter jamlanmasi va to‘rtta infokiosk jihozi topshirildi.

Tibbiyot xodimlari xalqimiz salomatligi yo‘lidagi faoliyat mahallalar faollari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlaganidan behad minnatdor bo‘lishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA