Qit’ada tengsiz para velosportchilarimiz tantanali kutib olindi
Avval xabar berganimizdek, Filippinda para velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan Osiyo chempionatida qit’amizning 11 davlatidan qariyb 80 nafar sportchi ishtirok etdi va unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 12 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza, jami 29 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu muvaffaqiyatga erishgan matonatli sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik tomonidan tantanali kutib olindi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur musobaqada Ruxshona Yoqubboyeva hamda Kamola Nurillayeva 6 tadan, Azimbek Abdullayev 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Nurdaulet Mirzabayev 5, Javlonbek Abdullajonov va Abror Ibrayimov 2 tadan, Boymurod Yavqochev bitta kumush, Abror Ibragimov 3, Azimbek Abdullayev va Javlonbek Abdullajonov esa 2 tadan bronza medaliga ega chiqdi.


— Mazkur g‘alabalarimiz zamirida mamlakatimizda paralimpiyachilarga sportning istalgan turi bo‘yicha shug‘ullanish uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar yotibdi, — deydi Ruxshona Yoqubboyeva. — Chempionat davomidagi C3, git, chiqarib yuborish, sprint, skretch va vaqt poygalarida murabbiylarimning to‘g‘ri ko‘rsatmalari, g‘alabaga bo‘lgan intilishim sabab g‘alaba qozondim. Kelgusida bundanda katta marralarni zabt etishga bor kuch-g‘ayratim bilan harakat qilaman.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA