Qashqadaryoda ikki ming uch yuz yillik qal’a shahar qoldig‘i topildi (+video)
Qashqadaryo vohasi insoniyatning ilk manzillaridan biri hisoblanadi. Buni hududda topilgan ko‘plab tarixiy yodgorliklar, ayniqsa, 2700 yillik tarixga ega “Yerqo‘rg‘on” shahar xarobalari yaqqol isbotlab turibdi.
Yaqinda Samarqand arxeologiya instituti olimlari viloyatning Qamashi tumani Pasttol qishlog‘idagi tepalikda navbatdagi qadimiy yodgorlik miloddan avvalgi III asr va milodiy III asrlarga oid qal’a shahar qoldiqlarini aniqladi.
Aholi orasida “Boburtepa” nomi bilan mashhur bo‘lgan mazkur tepalikda olib borilgan arxeologik qazishmalar Qashqadaryo tarixi qanchalar boy ekanini tasdiqlamoqda.
– Qishloqning janubida, katta Langar yo‘li yoqasida joylashgan bu tepalik maydoni 6 gektardan ziyod, balandligi 8-10 metrni tashkil etadi, – deydi Samarqand arxeologiya instituti tadqiqotchisi Sanjar Abdurahimov. – Qal’a to‘rtburchak shaklda qurilgan bo‘lib, dastlab ustozimiz Abdusabur Raimqulov tomonidan ro‘yxatga olingan. 2023 yilda dala qidiruv ishlari boshlangan bo‘lsa, 2024 yilda uchta nuqtada arxeologik qazishmalar olib bordik. Markaziy qismida saroy yoki ibodatxona bo‘lgan, deb taxmin qilyapmiz. U yerdan katta zal va bir nechta xona qoldiqlari, shuningdek, devoriy surat parchalari topildi. Hozircha ularni muhofaza qilib, kelgusi tadqiqotlarda to‘liq o‘rganishni rejalashtirganmiz.
Olimning ta’kidlashicha, tepalikda mudofaa devorlari, qo‘riqchilar xonalari, kulolchilik ustaxonalari, xumdonlar va ko‘plab sopol buyumlar topilgan. Bu esa shaharda hayot uzoq davrlar davom etganidan dalolat beradi.
– Sopol haykalchalar, xumlar va idishlar juda nafis ishlangan, – deydi tadqiqotchi. – Topilmalar orasida Salavkiylar va Kushonlar davriga xos haykalchalar ham bor. Bu yerda kulolchilik va toshga ishlov berish san’ati juda rivojlangani ma’lum bo‘ldi. Hali ark qismida tadqiqotlar davom etadi, markaziy bino saroymi yoki ibodatxonami, bu savolga javob topishimiz kerak.
Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Dilmurod Omonovning ta’kidlashicha, birgina 2025 yilning o‘zida Qashqadaryo vohasi bo‘ylab olib borilgan dala qidiruv tadqiqotlari natijasida 100 dan ortiq yangi yodgorliklar aniqlangan.
– Bu kashfiyotlar voha tarixi va shaharsozlik jarayonlarini davrma-davr o‘rganish imkonini beradi, – deydi olim. – Ayniqsa, Qarshi vohasidagi yodgorliklar nisbatan yaxshi saqlanib qolgani muhim ahamiyatga ega. Bu kelgusida keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borish uchun katta imkoniyat yaratadi.
[gallery-25946]
Samarqand arxeologiya instituti bosh ilmiy xodimi Abdusabur Raimqulov ham Qashqadaryo hududi Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharsozlik markazlaridan biri ekanini ta’kidlaydi.
– Bu hududda 1,5 mingdan ziyod arxeologik yodgorliklar mavjud, – deydi u. – Miloddan avvalgi IX–VIII asrlardayoq bu yerda shahar madaniyati shakllangan. Qashqadaryo Buxoro va Xorazmni bog‘lovchi karvon yo‘lida joylashgani sababli shaharlar soni ortib borgan. O‘rta asrlarda esa voha hududida 30 dan ortiq yirik shaharlar bo‘lgan.
Tarixiy kashfiyotlar shundan dalolat beradiki, Qashqadaryo zaminida har bir tepalik, har bir tosh ajdodlarimiz hayoti, urf-odati va san’ati haqida so‘zlaydigan tirik guvohdir.
Boburtepada olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar nafaqat Qashqadaryo vohasining, balki butun O‘zbekiston hududining ilk shaharsozlik tarixi, madaniy rivojlanishi va ajdodlarimiz yaratgan sivilizatsiya izlarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zy38I7riJN4" title="Qashqadaryoda ikki ming sakkiz yuz yillik qal’a shahar qoldig‘i topildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat, video), O‘zA