Qarshida sanoat xavfsizligi mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda
FOTOREPORTAJ
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi “Safe Collections” MCHJda sanoat va qurilish sohalarida mehnat qilayotgan xodimlar uchun maxsus poyabzal, ishchi kiyimlari hamda sanoat xavfsizligi mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
2010-yilda tashkil etilgan korxona bugungi kunda mahalliy bozorda sanoat xavfsizligi vositalariga bo‘lgan talabni ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanilib, mahsulotlarning sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Maxsus kiyim va poyabzallar qurilish, sanoat va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarida mehnat qilayotgan xodimlarni turli tashqi ta’sirlardan himoya qilishga mo‘ljallangan.
[gallery-30943]
Mamlakatimizda qurilish va sanoat loyihalarining ko‘payishi ushbu turdagi mahsulotlarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu nuqtai nazardan, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar korxona faoliyatini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish imkonini bermoqda.
“Safe Collections” MCHJda ham ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot turlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Mahalliy sanoat xavfsizligi mahsulotlari ishlab chiqarilishining kengayishi ichki bozor talabini qondirish barobarida yurtimizda ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Jamshid NORQOBILOV (surat) ,O‘zA