Mehnati e’tirof etilgan fermer
Oramizdagi zamondoshlarimizBugungi kunda yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, tashabbuskorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, har bir sohada fidokorona mehnat qilayotgan, ishiga mehr va mas’uliyat bilan yondashayotgan insonlarning yutuqlari munosib baholanmoqda.
Xatirchi tumanidagi “Sultonali Javohir” fermer xo‘jaligi rahbari Inobat Olimovaning 2026-yilning 13-avgustdagi “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani ham ana shunday e’tiroflardan biridir.
Qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan yangilanishlar natijasida yerga munosabat, fermerlik faoliyatiga yondashuv, mehnat unumdorligi va bandlik masalalarida yangi imkoniyatlar yuzaga kelmoqda. Bu jarayonda o‘z mehnati, tadbirkorligi va tashabbusi bilan el-yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan insonlarning o‘rni beqiyos. Inobat Olimova ham ana shunday fidoiy insonlardan biri.
2006-yilda tashkil etilgan mazkur fermer xo‘jaligi bugun 93 gektar yer maydonida paxta va g‘alla yetishtiradi. Xo‘jalikda 10 nafar doimiy va 60 nafar mavsumiy ishchi mehnat qilib kelmoqda.

E’tiborlisi, fermer xo‘jaligi faoliyati faqat dehqonchilik bilan cheklanib qolmagan. Ko‘p tarmoqli xo‘jalikda chorvachilik va parrandachilik ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa bugun qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, yer va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan islohotlarning hayotdagi amaliy ko‘rinishidir. Zero, bugun fermerdan faqat hosil yetishtirish emas, balki yangicha fikrlash, zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash, mehnat unumdorligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish talab etilmoqda.
Albatta, paxta va g‘alla hosilini yildan-yilga belgilangan rejadan ortiq darajada yetishtirish oson emas. Uning zamirida yerga munosabat, o‘nlab insonlarning sa’y-harakatlari, tadbirkorlik va tashabbuskorlik mujassam. Har bir yuqori hosil ortida tong sahardan dalaga chiqqan dehqonning mehnati, izlanish va jamoaning birdamligi bor.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim jihatlaridan biri ham inson mehnatini qadrlash, uning tashabbusini rag‘batlantirish va munosib sharoit yaratishdir.

Inobat Olimovaning ta’kidlashicha, tong sahardan boshlangan mehnat, ob-havoning turli sinovlari, suv va texnika masalalari, hosilni asrash, ishchilar mehnatini tashkil etish – bularning barchasi fermer zimmasidagi mas’uliyatning bir qismidir. Inson o‘z ishiga sidqidildan yondashsa, tashabbus ko‘rsatsa va yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shsa, uning mehnati, albatta, e’tirof etiladi. E’tirof esa insonga yanada mas’uliyat yuklaydi.
Xalqimizda “Halol mehnat bor joyda baraka bor”, degan ibratli naql bor. Mehnat qadrlangan yurtda taraqqiyot, inson qadrlangan jamiyatda esa yangi marralarga ishonch bor.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri