Qamchiq dovonidagi mas’uliyat: bosh mexanik Rivojiddin Mahkamov faoliyati (+video)
Qamchiq dovoni — Farg‘ona vodiysini mamlakatning boshqa viloyatlari bilan bog‘lab turuvchi yagona avtomobil yo‘li. Ushbu muhim transport yo‘lagida harakat uzluksizligini ta’minlash katta mas’uliyat va fidoyilikni talab qiladi. Ana shu mas’uliyatni zimmasiga olgan mutaxassislardan biri — Rivojiddin Mahkamov, “Qamchiqavtoyo‘l IYFK” DM bosh mexanigi.
Rivojiddin Mahkamov Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Yoshligidan texnika va mashinalarga qiziqqani uni mexaniklik sohasini tanlashga undadi. Oliygohni tamomlagandan so‘ng turli korxonalarda ish tajribasi orttirdi. 2013 yildan esa Qamchiq dovonidagi xizmatini boshladi. Ilk kunlaridan oddiy mexanik, navbatchi mexanik kabi lavozimlarda faoliyat yuritib, mehnati va mas’uliyati tufayli bugun bosh mexanik lavozimigacha yetib keldi.

Qamchiq dovonida ishlash yilning barcha fasllarida, ayniqsa qish mavsumida alohida e’tiborni talab qiladi. Qor yog‘ishi va sovuq ob-havo tufayli yo‘lda harakat cheklanib qolishi xavfi yuqori bo‘ladi. Shu bois, Qamchiqavtoyo‘l xodimlari doimo harakatda: yo‘llarni qordan tozalash, muzlamalarning oldini olish uchun tuz-qum aralashmalarini sepish ishlari uzluksiz olib boriladi.
Qahramonimiz ta’kidlashicha, yo‘l faqat qor ko‘chish xavfi yuzaga kelgan holatlardagina yopilishi mumkin. Bunday qaror meteorologiya xodimlarining ogohlantirishlari asosida qabul qilinadi. Qor qalinligi yoki muzlama sababli yo‘l yopilmaydi — asosiy maqsad harakat xavfsizligini saqlagan holda transport oqimini ta’minlashdir.
Rivojiddin Mahkamov o‘z ishini sharafli va jamiyat uchun nihoyatda muhim deb biladi. U Farg‘ona vodiysi aholisi hamda mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘lda xizmat qilayotganidan faxrlanishini alohida ta’kidlaydi. Ana shunday fidoyi mutaxassislar sa’y-harakati bilan Qamchiq dovonida harakat to‘xtab qolmaydi, yo‘l doimo ochiq va xavfsiz bo‘lib qolmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nX9ivVLESEs" title="Qamchiq dovonidagi mas’uliyat: bosh mexanik Rivojiddin Mahkamov faoliyati" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tohir Tursunov, O‘zA