Portugaliya terma jamoasi Chiliga qarshi bahsda g‘alaba qozondi
Portugaliyadagi "Eshtadiu Nasional du Jamor" stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinda mezbonlar 2:1 hisobidagi g‘alabani tantana qilishdi.
AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tadigan JCh-2026 final bosqichiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik doirasida Portugaliya va Chili milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi yakunlandi. Portugaliyadagi "Eshtadiu Nasional du Jamor" stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinda mezbonlar 2:1 hisobidagi g‘alabani tantana qilishdi. Uchrashuvni bosh hakam Luka Zufferli boshqarib bordi.
O‘yindagi birinchi golni 58-daqiqada portugaliyaliklar hujumchisi Gonsalu Gedesh kiritdi. 75-daqiqada esa mezbonlar yarim himoyachisi Brunu Fernandesh jamoasining ustunligini ikkitaga oshirdi. Uchrashuvning 90+2-daqiqasida chililiklar forvardi Lukas Sepeda bitta javob goli urib, yakuniy hisobni o'rnatdi — 2:1.
E’tiborli jihati, har ikki jamoa uchrashuvning 45+2-daqiqasidan boshlab o‘yinni 10 kishi bo‘lib davom ettirishga majbur bo‘ldi. Maydon chetidagi to‘qnashuvdan so‘ng yuzaga kelgan mushtlashuv sababli Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Rafael Leau va Chili himoyachisi Ivan Roman maydondan chetlatildi. Leau raqibining bo‘ynidan bo‘g‘ib, yuziga zarba bergan. Mezbonlar hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘yinni asosiy tarkibda boshladi va birinchi bo‘limni maydonda o‘tkazdi, biroq samarali harakatlar bilan ajralib tura olmadi.
Portugaliya terma jamoasi JCh-2026 dagi yurishini "K" guruhida boshlaydi va u yerda Kongo DR, O‘zbekiston hamda Kolumbiya milliy jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Saralash bosqichining "F" guruhida portugaliyaliklar Irlandiya, Vengriya va Armanistonni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egallashgan edi.
Chili terma jamoasi esa Janubiy Amerika saralash bosqichida 10 ta jamoa ichida so‘nggi, 10-o‘rinni band etib, to‘rt yillikning eng nufuzli turniriga yo‘llanma ololmagan.