Polina Kudermetova va Mariya Timofeyeva finalga yo‘l oldi
Xitoyning Guanchjou shahrida tennis bo‘yicha WTA 250 turkumiga kiruvchi “Guangzhou Open” xalqaro musobaqasi qizg‘in pallaga kirdi. Unda O‘zbekiston nomidan Polina Kudermetova va Mariya Timofeyeva juftlik bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Hamyurtlarimiz yarim finalda indoneziyalik Janis Tjen va amerikalik Venus Uilyams juftligiga qarshi kortga chiqdi. Murosasiz kechgan uchrashuvda Mariya va Polina 6:4, 6:7 (8:10), 10:6 hisobida g‘alaba qozondi.
Mazkur g‘alaba orqali Polina Kudermetova va Mariya Timofeyeva musobaqaning hal qiluvchi bosqichiga yo‘l oldi. Qayd etish joiz, amerikalik Venus Uilyams ushbu musobaqada juftlik bahslarida ilk bor sakkiz yildan buyon WTA turniri yarim finalida ishtirok etayotgan edi.
Endi hamyurtlarimiz finalda Tayvan vakillari I-Xsuan Cho va I-Sen Cho juftligiga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv 1-noyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA