Beshinchi bor tashkil etilgan “Zakovat-Gambit” musobaqasining mutlaq g‘oliblari mukofotlandi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda shaxmatni ommaviylashtirish va yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida ushbu sport turi mamlakatimizda yangi bosqichga chiqdi.
Buning yorqin ifodasi poytaxtimizdagi “O‘zbekfilm” pavilonida shaxmat bo‘yicha “Zakovat-Gambit” turniri g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda ham namoyon bo‘ldi.
Ushbu nufuzli musobaqaning saralash bosqichi olti kun davom etib, unda 6 mingga yaqin shaxmatchi, jumladan, 633 nafar xotin-qiz ishtirok etdi. Turnir saralash, yarim final va final tizimida o‘tkazildi. Yakuniy final bahslari esa Toshkentdagi “Zakovat arena” binosida ikki kun davomida, jami 9 tur asosida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevning ta’kidlashicha, bu yil beshinchi bor tashkil etilgan turnir respublikamizning barcha 14 hududidagi chekka qishloqlarning iqtidorli yoshlarini ham qamrab olgan. Musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 620 million so‘mni tashkil etdi.

Turnirning yana bir ahamiyatli jihati shunda bo‘ldiki, unda jahonga mashhur shaxmat yulduzlari — vengriyalik grossmeyster Peter Leko va hindistonlik grossmeyster Xampi Koneru faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Ular o‘zbekistonlik yosh shaxmatchilarga qarshi bir vaqtning o‘zida dona surib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Mehmonlar O‘zbekistonda shaxmatning bu qadar tez rivojlanayotgani bevosita davlatning kuchli qo‘llab-quvvatlovi natijasi ekanini e’tirof etib, yosh shaxmatchilarimizning o‘yiniga va ishtiyoqiga yuqori baho berdi.
Taqdirlash marosimida barcha guruhlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga belgilangan pul mukofotlari topshirildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirok etib, g‘oliblarga sovrinlarni topshirdi.

Xususan, har bir guruhda birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchilar 50 million so‘m, ikkinchi o‘rin sohiblari 30 million so‘m hamda uchinchi o‘rin egalari 20 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, har bir guruhda eng yaxshi natija qayd etgan ayol shaxmatchilarga 20 million so‘mdan mukofot puli berildi. Bundan tashqari, turnirning eng yosh ishtirokchisi bo‘lgan 8 yoshli Mustafo Po‘latov hamda eng keksa qatnashchi, 63 yoshli grossmeyster Toir Vohidovning har biriga 10 million so‘mdan rag‘batlantiruvchi mukofot topshirildi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, "A" guruhida Muhammadzohid Suyarov birinchi, Humoyun Begmuratov ikkinchi va Jahongir Vohidov uchinchi o‘rinni egalladi. Ushbu guruhda Afruza Hamdamova eng yaxshi ayol ishtirokchi deb topildi. "B" guruhida esa Asrorjon Omonov g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Sa’dullo Azizov va Alisher Begmuratov keyingi sovrinli o‘rinlarga, Umida Omonova esa eng yaxshi ayol ishtirokchi nomiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, "C" guruhida birinchi o‘rin Sayyid Usmon Shamsiddinga nasib etdi. Muhammaddiyor Mahamadullayev hamda Temur Shavkatov mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ozoda Shahzodova bu guruhda xotin-qizlar orasida tengsiz bo‘ldi. "D" guruhida Nurmuhammad Ne’matillaxonov, Shohjahon Mamatsalayev va Ikromjon Halilov mos ravishda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Odina Olimova esa eng yaxshi ayol ishtirokchi nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Nihoyat, "E" guruhi bahslarida Azamat Ahmedov birinchi, Firdavs Ramazonov ikkinchi va Qurbonali Tursunboyev uchinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa, Madina To‘xtayeva mazkur guruhning eng yaxshi ayol ishtirokchisiga aylandi.
Mazkur turnir mamlakatimizda intellektual avlodni qo‘llab-quvvatlash va kelajakdagi yangi jahon chempionlarini kashf etish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA