O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni: O‘zaro manfaatli hamkorlik yanada mustahkamlanadi
Oliy Majlis Senatiga Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiy tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashgani, oliy va yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar muntazam tus olgani qayd etildi. O‘zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy sammitlar doirasidagi uchrashuvlar strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada faollashtirish, tajriba almashish va o‘zaro tashriflarni kengaytirish muhimligiga e’tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik sohasida amaliy natijalarga erishilmoqda. Jumladan, investitsiya loyihalari portfeli sezilarli darajada kengaydi. Energetika sohasida, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotir.
Madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik, sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma tadbirlar, shuningdek, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishda yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlamoqda.
O‘zbekistonda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi islom madaniy merosini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Markaz bilan ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro anjumanlarni o‘kazishda hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar barcha yo‘nalishlar, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikda izchil rivojlanayotgani mamnuniyat bilan e’tirof etildi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida bundan buyon ham sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA